Bugun mamlakatimizga tashrif buyuradigan har bir sayyoh ushbu bino qarshisiga kelganda bir zum to‘xtab, uning go‘zalligiga maftun bo‘lib qoladi.

Ichkariga kirib tomosha qilish istagi paydo bo‘lganda esa ular chorasiz.

Turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatimizga kelayotgan mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida O‘zbekistonda salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinadi. Ammo, bugun knyaz Romanov saroyining yillar mobaynida yopiq bo‘lib qolayotgani turistlar uchun ham, o‘zbekistonliklar uchun ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

Bu yuzasidan izoh so‘rab, OAV xodimlari har yili bir qo‘zg‘alishadi. Mas’ullar esa “tez orada ochiladi”, “ana ochiladi, mana ochiladi“ degan bahona bilan vaziyatdan quruq chiqib kelishadi. GIDlar mehmonlarning saroy nima sababdan yopiqligi haqidagi savollari oldida ojiz qolishadi. Yoki ular mas’ullarning har yilgi beradigan va’dasiga tayanib, qarorgohning tez orada ochilishi haqida lof so‘zlaydilar.

Nikolay I ning nabirasi bo‘lgan Nikolay Konstantinovich Romanov o‘z vaqtida Romanovlar uyining “temir niqobi” deb nom chiqargan, hayoti esa ziddiyat va jumboqlarga to‘la bo‘lgan. U Turkiston o‘lkasiga surgun qilingach, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Ayrim manbalarda vafoti oldidan, u o‘z uyini Toshkent muzeyiga aylantirish sharti bilan shahar aholisiga hadya sifatida qoldirgani qayd etiladi.

Hozirgi paytda knyaz  kolleksiyasidagi marmar haykallar, suratlar bugungi kunda O‘zbekiston San’at muzeyida saqlanib kelinmoqda.  Uning nomi bilan bog‘liq o‘ziga xos tarixiy binoning bugungi holati ayni damda nafaqat bizni, balki ko‘plab sayyohlarni qiziqtirmoqda. Ana shunday tomoshabop maskan 1891 yilda (mashhur arxitektor A. L. Benua hamda V. S. Geynselman loyihasi asosida) “modern” uslubida qurilgan.

Naqshinkor panjaralar, ark shaklidagi derazalar, minora va boshqa unsurlar binoga o‘zgacha ko‘rk berib turibdi. Knyaz ov ishqibozi bo‘lganligi bois uning qarorgohiga kiraverishda ikkita qora rangli ovchi itlar va bronzadan yasalgan bug‘u haykallari joylangan. Bino orqa tomonidan boqqa chiqadigan yo‘l bo‘lib, bog‘ni toshkentlik mashhur botanik va farmatsevt I. I. Krauze yaratgan. Nimqorong‘i bo‘lib turgan yerto‘lada Toshkent issiq bo‘lgan vaqtlarda knyaz salqinda dam olgan.

Ikki qismdan iborat binoning o‘ng qanotida knyaz, chap qanotida rafiqasining xonasi bo‘lgan. Tasviriy va amaliy san’atning yevropa hamda o‘zbek milliy uyg‘unlashuvi shu qadar mahorat bilan aks etganki, kishi estetik zavq olish bilan bir qatorda bir lahzaga o‘zini tarixiy davrlarga tushib qolgandek his etadi, ya’ni unda saroyning boshqa xonasini ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoq paydo bo‘ladi.

Knyaz 1918 yilda zotiljamdan vafot etgach, uning saroyi badiiy muzeyga aylantiriladi. Shuningdek, u hayotligida to‘plagan va Sankt-Peterburgdan keltirilgan Yevropa hamda rus rassomlari mo‘yqalamiga mansub kartinalar kolleksiyasi esa 1919 yilda Toshkentda san’at muzeyini tashkil etilishiga turtki bo‘lganligi, 1940-1970 yillarda ushbu qarorgohdan Respublika pionerlar saroyi, 1980-yillarda O‘zbekiston zargarlik buyumlari va antikvariat muzeyi sifatida foydalanilgani aytiladi.

Keyinchalik, saroydan O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligining qabul uyi sifatida foydalanilgan.  2018 yilda Nikolay Romanov qarorgohi shahar hokimiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan.

2019 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Madaniyat vaziri o‘rinbosari (o‘sha paytdagi) “Knyaz Romanov saroyini qaytadan muzeyga aylantirish rejalashtirilayotgani, bino restavratsiya qilingach, Romanovning noyob kolleksiyasi joylashtirilishi, bu O‘zbekiston aholisi uchun ham, xorijiy mehmonlar uchun ham qiziqarli, noyob sayyohlik ob’ekti bo‘lishi mumkinligi, bu yo‘nalishda ishlar olib borilayotgani” ni ta’kidlagan.

O‘tgan yili (2021 yil 2 oktyabr) esa Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uyushtirgan matbuot anjumanida, “saroy restavratsiya loyihasiga Germaniyaning “Atelier Brückner GmbH” studiyasi mutaxassislari jalb qilingani, amaldagi rekonstruksiya jarayonida xonalar va arxitekturaning ko‘rinishini buzayotgan konditsionerlar va boshqa tizimlarni olib tashlash ko‘zlanayotgani, shu maqsadda Toshkentdagi Forumlar saroyi va «Milliy» stadioni ustida ishlagan “Werner Sobek” kompaniyasi jalb qilingani, kompaniya mutaxassislari binoning tarixiy tuzilmasini buzmagan holda havo almashtirish, isitish, namlikni nazorat qilish va yong‘inni o‘chirish tizimlarini joriy qilish” i aytildi.

Dabdabali saroyning restavratsiyasiga oid shu kabi qator va’dalar amalga oshsa, O‘zbekiston san’at muzeyi kolleksiyasida saqlanayotgan 500 ta eksponat, avvallari saroyni bezab turgan marmar va bronza haykallar,  120 ta tasviriy san’at asari, 75 ta haykal va 20 dan ortiq mebel jihozlari ham  saroyga qaytarilishi kerak edi.

“Romanovlar saroyining restavratsiya qilinishi yoshlarning o‘z shahri tarixiga e’tiborini oshiradi, yoshlarni uning madaniyati va san’atiga jalb qiladi”, – deya bayonot bergan edi o‘shanda matbuot anjumanida, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Oradan vaqt o‘tdi. Biroq, rekonstruksiya uchun kim yoki qaysi tashkilot tomonidan qancha miqdorda mablag‘ ajratilgani, ko‘zlangan loyihalarning shu kungacha necha foizi amalga oshib, qanchasi hali amalga oshirilayotgani haqida shu kungacha ochiqlanmadi.

Qolaversa, O‘zA saroy ichkarisida bo‘lib, u yerda rekonstruksiya yoki restavratsiya qilinayotgani yoki (o‘z xizmat burchini bajarayotgan ikki nafar qo‘riqchini aytmasa) boshqa biron bir xonada ustalarning o‘z ishi bilan andarmonligiga guvoh bo‘lmadi.
Holbuki, qarorgoh shunchaki kolleksiya va jihozlardan bo‘shatib qo‘yilgan xolos, hali hech qanday ish boshlanmagan degan fikrga kelish mumkin.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi  Tursunali Qo‘ziyev O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbat davomida, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan restavratsiya loyihasi uchun mablag‘ ajratilgani, bu ochiq ma’lumotligi, Romanov  saroyi nafaqat hamyurtlarimiz va yoshlarning tarixiy madaniyatini shakllantirishi mumkin bo‘lgan madaniy meros, balki restavratsiya qilinsa, juda katta turistlar oqimini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan tomoshabop muzey bo‘lishi ham mumkinligini ta’kidlaydi.

Madomiki, mablag‘ ajratilgan ekan, u holda nega saroy restavratsiya loyihasi hanuzgacha tayyor emas? Yoki loyiha tayyor bo‘lmay turib, mablag‘ ajratilganmikan?
Bu boradagi savollarimiz javobi ham, aslida bu ma’lumotlar nega yashirilayotgani sababi ham Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining yopiqligi bois yana mavhum bo‘lib qolmoqda.

Bilganimiz, o‘tkazilgan matbuot anjumanlari va unda aytilgan gaplar go‘yo ijtimoiy tarmoqdagi qizg‘in muhokamalar va OAV xodimlarini bir muddat tinchlantirish uchun qilingan  omadli urinish bo‘lgandek tasavvur uyg‘otadi. Hali restavratsiya loyihasi tayor bo‘lmay turib, saroy yopib qo‘yilgani esa mas’ullar tomonidan podadan oldin chang chiqarishdek gap bo‘ldi.

Yo‘qsa, yopiq holatida ham trendni qo‘ldan boy bermayotgan mazkur saroy hamyurtlarimiz qatorida, kelishi tinmayotgan sayyohlar uchun tomoshabop maskan bo‘lib turar edi.

P/S:  Shuni unutmaslik kerakki,  mamlakatimizga kelib, har bir go‘zallikni ko‘rgan sayyoh o‘z yurtiga faqatgina iliq taassurotlarni olib qaytishi, yurtimizning hech bir go‘shasi ularga tushunarsiz yoki jumboq bo‘lib qolmasligi kerak. Ana shunday iliq taassurotlar bilan o‘z yurtiga qaytgan mehmon o‘z ortidan boshqa mehmonlarni olib keladigan darajada taassurotlar bilan ketishi kerak deb o‘ylaymiz.

Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yaqubov, O‘zA