O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov «Koreya-O‘zbekiston» parlament Do‘stlik uyushmasi raisi Park Kvang On boshchiligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida qayd etilganidek, Janubiy Koreya parlamenti vakillarining O‘zbekistonga tashrifi ochiqlik, o‘zaro hurmat va bir-biri manfaatini hisobga olish tamoyiliga asoslangan do‘stlik, maxsus strategik sheriklik munosabatini aks ettiradi. Mazkur uchrashuv mavjud aloqalar yanada kengayib, mustahkamlanib borayotganidan yana bir bor darak berdi.

Pak Kvang On Koreya Respublikasi Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, mamlakatning asosiy qonunini isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar jarayonini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Milliy Assambleya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosiga ko‘maklashishga tayyorligi ta’kidlandi.

Turli darajadagi, jumladan, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” shaklidagi bo‘lajak tadbirlar jadvali bo‘yicha fikr almashildi.

Raqamlashtirish va elektron hukumat sohalarida hamkorlikni jadallashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Pak Kvang Onning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Koreya Respublikasi uchun investitsiya kiritish, birgalikda qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatini tashkil etish va biznes yuritish nuqtai nazaridan jozibador mamlakat bo‘lib qolmoqda.

 

G‘.Xonnazarov, N.Haydarov (surat), O‘zA