So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda turli sohalarda keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. O‘tgan davrda real yalpi hududiy mahsulotlar hajmi –132 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi – 133 foizga, qurilish ishlari – 2 barobarga, qishloq xo‘jaligi – 120 foizga va xizmatlar hajmi – 175 foizga o‘sdi.

Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” joriy qilinib, joylarda  “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Temir daftar”ga kiritilgan 32,5 ming oilaning mehnatga layoqatli bo‘lgan 45 ming nafar ishsiz a’zosi bandligi ta’minlandi.

“Ijtimoiy reyestr” joriy qilinib, 100 mingdan ziyod oilaga ijtimoiy nafaqa va yordam berish yo‘lga qo‘yildi. Bu oldingi yillarga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p. Kichik biznes sub’ektlari soni 2 barobarga ko‘payib, qariyb 21 mingtaga yetdi. Jami 12,7 trillion so‘mlik jami 4392 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, qariyb 30 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Hududda sanoatning jadal rivojlanishiga asosiy turtki bo‘lgan to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, farmatsevtika, mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘rtacha 3 barobarga o‘sdi. Jumladan, Ellikqal’a tumanida “Bo‘ston mega tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ip-kalava va jinsi mato ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida “Titan sement” korxonasi, Nukus shahrida shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqariladigan “Nukus med tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati, To‘rtko‘l tumanida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida qo‘llaniladigan shisha idishlar ishlab chiqariladigan “To‘rtko‘l shisha idishlari” korxonasi kabi yirik loyihalar amalga oshirildi.

Nukus shahrida “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi hamda 16 ta tumanda kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Xususan, “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi umumiy qiymati 18,3 million dollar bo‘lgan 4 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida 217 milliard so‘mlik 98 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2016 yilgacha 15 million dollarga yetmagan bo‘lsa, 2021 yilda 100 million dollardan oshdi. O‘tgan yillar mobaynida xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalar soni 50 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 167 taga yetdi, eksportyor korxonalar soni 2 barobarga oshdi. Natijada umumiy eksport hajmi 2011-2015 yillarga nisbatan 3,5 barobarga oshib, 2,1 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining atigi 4 foizi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilda 30 foizga yetdi.

“Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiriting” shiori ostida viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Qoraqalpog‘istonning bittadan shimoliy tumanlari va Nukus shahriga biriktirildi. Ular tomonidan ushbu hududlarda umumiy qiymati 524 million AQSH dollari bo‘lgan 318 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Bu 18 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Jumladan, Andijon viloyatining “Kegteks klaster” korxonasi Kegeyli tumanida 29 million AQSH dollari sarmoya hisobiga 7,5 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash, 6 ming tonna ip-kalava, 6 ming tonna mato to‘qish, 3,3 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalarini bosqichma-bosqich ishga tushirish va 1000 ta yangi ish o‘rnini yaratish, Sirdaryo viloyatining “Best san oyl” korxonasi tomonidan Qonliko‘l tumanida 20,5 million AQSH dollari investitsiya evaziga yiliga 10 ming tonna moyli ekinlarni qayta ishlash korxonasini tashkil etish va 500 ta yangi ish o‘rni yaratish, Toshkent shahrining “AKFA Assembli” korxonasi tomonidan Nukus shahrida qiymati 6 million AQSH dollari bo‘lgan, yiliga 300 ming kvadrat metr zamonaviy eshik va romlar ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish va 230 ta ish o‘rni yaratish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida, qariyb 13 mingta xonadonli uy-joylar barpo etildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 230 milliard so‘m mablag‘ evaziga 81 ta olis qishloq va ovullarning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 40 foizdan 68 foizga ko‘tarildi. 411 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanishiga va 420 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. 2252 kilometr avtomobil yo‘li, 2,2 ming kilometr elektr va 169 kilometr gaz tarmog‘i qurildi va qayta ta’mirlandi. 133 ta sog‘liqni saqlash ob’ektida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 26 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan qurildi, 102 tasi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi, 83 ta xususiy sherikchilik asosida hamda 897 ta oilaviy bog‘chasi tashkil etilishi hisobiga bog‘chalar qamrovi darajasi 32 foizdan – 75 foizga ko‘tarildi. Jami 58,6 ming quvvatga ega 641 ta umumiy ta’lim muassasasi to‘liq ta’mirlandi, 19 ta kasb-hunar kolleji binosi umumta’lim maktablariga aylantirildi,  23 ta yangi maktab tashkil etildi.

– Mo‘ynoq tumanida so‘ngi yillarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, – deydi mehnat faxriysi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Biybixan Utambetova. – Orol dengizining suvi qurigan tubida “Yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsadida 1730 ming gektardan ortiq maydonda saksovul va cho‘lga chidamli boshqa o‘simliklar ekildi. Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasidagi tadbirkor va fuqarolar uchun 10 yil muddatga yer, mol-mulk, suv solig‘i, ijtimoiy, foyda, daromad va aylanma mablag‘dan olinadigan soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi.

Shuningdek, Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Sho‘manoy tumanlari hamda xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan va og‘ir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovulda joylashgan tadbirkorlar uchun ham soliq imtiyozlari taqdim etildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2021 yilda 12,3 trillion so‘mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 116,2 foizga o‘sgan. 2017-2021 yillarda 9 ta paxtachilik, 2020-2021 yillarda 19 ta g‘allachilik, 12 ta meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etildi hamda ular tomonidan 6,4 million dollarlik ip-kalava va 2,3 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

2019-2021 yillarda qariyb 39 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilib, 54,2 ming gektarda suv tejovchi va sug‘orish texnologiyalari joriy etildi hamda 2,7 ming gektar intensiv bog‘, 4,2 ming gektar tokzor barpo etilib, 100 gektardan ortiq issiqxona tashkil etildi. Qiymati 55,1 milliard so‘mlik quvvati 19 ming tonnalik 3 ta yangi agrologistika markazi, 29 ming tonnalik 176 ta sovutgichli omborxona ishga tushirildi.

Suv xo‘jaligida 2017-2021 yillarda 784 milliard so‘mlik 24,9 ming kilometr uzunlikdagi kanal, 6140 dona gidrotexnik inshoot, 5136 dona gidropost hamda 7641 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i va 9 ta gidrotexnika inshootini qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash tiklash ishlari amalga oshirildi. Jami 52,9 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi 9824 gektar maydonda, yomg‘irlatib 446 gektar maydonda, diskret 12 gektar maydonda hamda 4120 gektar ko‘chma egiluvchan quvur, 511 gektar egatga plyonka to‘shash usulida sug‘orish joriy qilindi. 38 ming gektar ekin maydonda lazer uskunasi yordamida tekislash ishlari amalga oshirilib, 45,2 milliard so‘m subsidiya mablag‘i ajratildi.

Davlat-xususiy sheriklik bitimlari asosida 25 ta nasos stansiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy sektorga berilishi natijasida xususiy sherik tomonidan kiritiladigan investitsiya loyihalari asosida 11 milliard 814 million so‘m, ekspluatatsiya harajatlaridan tejalgan pul mablag‘i hisobidan 260,5 million so‘m, elektr energiyasidan 80,5 million kVt.soat iqtisod qilishga erishildi. Yuqori hosil beruvchi issiqxonalar maydoni jami 101 gektarga yetkazilib, 8 barobarga oshirildi.
Taxiatosh tumanida ushbu yillarda 22 gektar issiqxona tashkil etilgan bo‘lsa, oldinlari umuman mavjud bo‘lmagan Ellikqal’a, Sho‘manoy, Nukus tumanlari va Nukus shahrida 36 gektar issiqxona ishga tushirildi.

Chorvachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 126 ta chorvachilik sub’ektiga davlat byudjetidan 9,5  milliard so‘m subsidiya mablag‘i ajratildi. Aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklarida naslchilik seleksiya ishlari tizimli tashkil etilganligi sababli naslchilik xo‘jaliklari soni 107 taga yetkazildi, naslli mollar ulushi 25 foizdan 54 foizga yetkazilib, 2 barobarga ortdi. Har bir tumanda 300-500 boshli jami 39 ta yirik chorvachilik xo‘jaligi tashkil etildi. Chorva mollar bosh soni 23 foizga,  qo‘y-echkilar bosh soni 31 foizga,  parrandalar bosh soni 56 foizga,  go‘sht ishlab chiqarish 31 foizga,  sut ishlab chiqarish 32 foizga, tuxum yetishtirish 73 foizga, asal yetishtirish 2,2 barobarga va baliq mahsulotlari 424 foizga oshdi.

2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qorako‘lchilik yo‘nalishida 11 ta qorako‘lchilik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 48 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan bugungi kunga keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qaror ijrosi doirasida 2803 ta loyiha va ob’ektda 21 trillion 209 milliard so‘mlik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.  Xususan, hududiy investitsiya loyihalari va sanoat klasterlari tashkil etish bo‘yicha qiymati 12,6 trillion so‘mlik 1359 ta loyiha amalga oshiriladi. Shundan joriy yilning o‘zida 4,1 trillion so‘mlik 193 ta loyihani amalga oshirish va 4898 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan bo‘lsa, iyul oyigacha amalda 109,4 milliard so‘mlik  25 ta loyiha amalga oshirildi. 310 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trillion so‘m yo‘naltirilib, yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,5 barobar, sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 1,2 barobar, xizmatlar hajmi 2,9 barobar hamda qurilish ishlari hajmi 1,4 barobar oshiriladi. Kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish uchun kelgusi besh yilda 238 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratiladi. Orolbo‘yi hududlari infratuzilma jamg‘armasi tashkil etilib unga respublika byudjetidan har yili 100 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar tuman va shahar Xalq deputatlari Kengashlari qarori bilan hudud uchun eng zarur ob’ektlarni rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi.
Beruniy, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlarida loyiha qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan, jami quvvati 1 ming 800 mega-vattli shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi natijasida 750 mingta xonadon va 25 mingdan ziyod korxonani ta’minlash uchun yetarli bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qorao‘zak tumanidagi Tebinbuloq koni negizida zamonaviy kon-metalluriya kompleksi, Qo‘ng‘irot tumanidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qoshida yillik quvvati 500 ming tonna polimer mahsuloti ishlab chiqaradigan gaz-kimyo klasterini qurish boshlanadi. “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida 180 million AQSH dollarlik loyiha yakunlanib, ishlab chiqarish quvvati 2 barobarga oshiriladi.

Kelgusi besh yilda Orolning qurigan hududida yana 1 million gektar o‘rmonzor va butazor barpo etiladi. Nukus shahri atrofidagi “yashil belbog‘” maydoni yana 200 gektarga kengaytiriladi. Shuningdek, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlarida jami 550 ming gektar hududda tabiiy qo‘riqxona, 2022 yildan boshlab 1 million gektar hududda Orolqum milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Natijada, Qoraqalpog‘istonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni 4 million gektarga yetkaziladi.
Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, 100 ming gektarda suv ta’minotini va 120 ming gektarda meliorativ holatni yaxshilash, sho‘rlangan yerlarni 24 ming gektarga kamaytirish, 26 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish choralari ko‘riladi.

Dovud Abibullayev, 
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA