Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir davom etmoqda.

–Joriy yildan boshlab 36 ta sport federatsiyasi, 274 ta sport maktabi o‘z hududidagi mahallalar, o‘rta maktablar, kollej va texnikumlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Har bir ko‘cha, mahalla, maktab, kollej va texnikumda futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat-shashka va boshqa sport turlari bo‘yicha jamoalar tuziladi. Bundan buyon barcha sport musobaqalari “mahalla – tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etiladi,– dedi Prezident. –Albatta, bunday ishlarni amalga oshirish mahalladagi yoshlar yetakchilaridan katta mas’uliyat va tashabbuskorlik talab etadi.

Islohotlarimiz navqiron avlod hayotiga yanada chuqur kirib borishi uchun yoshlar yetakchilariga kengroq imkoniyat va vakolatlar bersak, o‘ylaymanki, sizlar ham buni qo‘llab-quvvatlaysiz.

Bundan buyon har yili oliygohlarning sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan 500 nafar eng faol yoshlar yetakchilarining kontrakt to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladi. Shuningdek, “Yosh rahbar kadrlar zaxirasi” shakllantirilib, uning 30 foizi yoshlar yetakchilari hisobidan to‘ldiriladi.

Men yoshlar yetakchilari timsolida bo‘lajak hokimlar va vazirlarni, yirik bank va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar liderlarini ko‘raman.

O‘zA