O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan poytaxt bo‘ylab Qoraqalpoq adabiyoti kunlari o‘tkazildi.

Mamlakat rahbari joriy yilning 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bu buyuk xalqning benazir iste’dodlari, betakror va maftunkor adabiyoti haqida samimiy fikrlar bildirib, mamlakatimiz bo‘ylab Qoraqalpoq adabiyoti kunlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

Shu munosabat bilan mazkur tadbir 23-24 iyun kunlari Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tdi. Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan adabiyot kunlari ijod ahliga o‘zgacha ilhom baxsh etdi.

Tantana munosabati bilan 22 nafar yozuvchi, shoir, tarjimon ayni kunlarda poytaxtda bo‘lib turibdi. Adabiy tadbir Adiblar xiyobonida Alisher Navoiy va Berdaq haykallari poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qoraqalpoq adabiyoti kunlarining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Unda uyushma raisi Sirojiddin Sayyid o‘z nutqida o‘zbek va qoraqalpoq adabiy aloqalari azaldan bir-biriga bog‘liq va mustahkam ekanini ta’kidladi. Hozirda «Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari» 16 jildlik asarlar majmuasi nashr etilayotgani, unga «Masposhsho», «Shahriyor», «Qirq qiz» kabi qoraqalpoq xalq eposlari, Jiyan Jirov kabi xalq oqinlari, shuningdek, qoraqalpoq adabiyotining mumtoz vakillari Berdaq, Ajiniyoz, Kunxo‘ja, XX asr adabiyotining yirik vakillari Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qaipbergenov, Aqmet Aqnazarov va boshqalarning asarlari kiritilganini va «Turkiy adabiyot xazinasidan» 100 jildlik asarlar majmuasida ham qoraqalpoq adabiyoti uchun munosib o‘rin ajratilganini aytib o‘tdi. O‘z ijodidan yangi she’r o‘qib berdi.

– Prezidentimizning Qoraqalpoq adabiyoti kunlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi, qoraqalpoq tilida qalam tebratadigan ijodkorlarni mamnun qildi, – dedi Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov. – Ushbu muhim tadbirga avval Xorazmda, bugun Toshkentda guvoh bo‘lmoqdamiz. Taassurotlarimizning cheki yo‘q. Bu esa ijodimizga katta kuch beradi. Shuningdek, qoraqalpoq tilida ijod qilayotgan yoshlarga ham yanada ilhom baxsh etadi. Chin ma’noda qoraqalpoq adabiyoti hududlar bo‘ylab keng targ‘ib qilishga arzigulik boyligi bor.

Ochilish marsimida Kengesboy Karimov, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, «Qoraqalpog‘iston tongi» gazetasi bosh muharriri Nazira Matyoqubova so‘zga chiqib, ushbu adabiy jarayonlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Uyushma a’zosi Ikrom Otamurod Qoraqalpog‘istonga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.

Tadbirda mehmonlarga uyushma tomonidan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida ham bo‘ldi. Ustoz adiblarning hayoti va ijodiga oid eksponatlar, durdona asarlarning asl nusxalari bilan tanishdi.

Kunning ikkinchi yarmi Adiblar xiyobonidagi Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qaypbergenov haykali poyida gul qo‘yish marosimi bilan davom etdi. Shundan so‘ng Yozuvchilar uyushmasida Sharap Usnatdinov qalamiga mansub «Ibroyim Yusupov» romanining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazildi. Asar tarjimoni Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon kitobning mazmuni, ikki xalq adabiyotidagi ahamiyati haqida gapirdi. Tarjima jarayoni bilan o‘rtoqlashdi. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ushbu romanning o‘zbek tilida chop etilishi bugungi adabiyot bayramiga katta tuhfa ekanini bildirdi. O‘zbek va qoraqalpoq ijodiy muhiti hamda ustoz adiblar bilan bog‘liq iliq xotiralarini bo‘lishdi.

Shundan so‘ng mehmonlar «Yoshlik», «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka», «Jahon adabiyoti» jurnallari tahririyatlari bilan tanishdi. Oqshomda esa poytaxtimizdagi “Tashkent City” va «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini sayohat qilishadi.

Qoraqalpoq adabiyoti kunlari ertaga Toshkent viloyati bo‘ylab davom etishi rejalashtirilgan.

D.Mamatova, O‘zA muxbiri