Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabiga ega g‘allakorlar ko‘p.

Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, birgina Do‘rman ovuli hududidagi 20 ta fermer xo‘jaligining 366 gektar bug‘doyzorida joriy yilda mo‘l hosil yetishtirildi. Hudud fermer xo‘jaliklarining umumiy g‘alla xirmoni 914 tonnadan oshib ketdi.

Hosildorlik esa kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Ya’ni, gektariga 70 sentnerni tashkil etmoqda. Hududda ilg‘or g‘allakorlar talaygina. Xususan, To‘raboy Pirnazarov rahbarligidagi fermer xo‘jaligida  joriy yil hosili uchun 20 gektar yerga bug‘doyning tuman iqlimi sharoitiga mos navlaridan ekildi.

Bug‘doyzorlarda kuz-qishki agrotexnik tadbirlar sifatli amalga oshirilib, mo‘l hosil yetishtirildi. Xo‘jalik g‘allakorlari hosildorlikni 70 sentnerga, umumiy qirmizi don xirmonini esa 140 tonnaga yetkazishdi. Ayni paytda fermer xo‘jaligi dalalarida g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda.

Tumandagi “Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligi g‘allakorlari ham joriy yilda shartnomaviy rejadagi 85 tonna o‘rniga 86 tonna topshirib, hosildorlikni har gektar hisobiga 70 sentnerga yetkazdi. Mazkur fermer xo‘jaligidagi mavjud 34 gektar g‘allazorda ayni paytda hosil o‘rim-yig‘im ishlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.

Mehnat qilganning rizqi ziyoda, nasibasi ulug‘ bo‘ladi, deydilar. “Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligi ishchilari 34 gektar yerdagi bug‘doyzorda barcha mavsumiy yumushlarni bekam-u ko‘st ado etib, avvalo, gektarlarda to‘liq nihol olishga erishdi.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan kuz-qishki va bahorgi agrotexnik tadbirlar natijasida dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Yetishtirilgan g‘alla hosilidan 300 million so‘mlik daromad olishni mo‘ljallayotgan fermer xo‘jaligi g‘allakorlari uchun shundan naqd 100 million so‘mi sof daromaddir. Qolaversa, shartnomaviy rejadan tashqari yetishtirilgan hosilning fermer xo‘jaligi tasarrufida qolishi xo‘jalik ishchilarining moddiy manfaatdorligi va iqtisodiy farovonligini yanada oshirish imkonini beradi.

Ayni kunlarda amudaryolik g‘allakorlar yetishtirilgan qirmizi don mahsulotini nobut qilmay, davlat omborlariga topshirish, hosilning so‘nggi misqoligacha yig‘ishtirib olish ishlarini uyushqoqlik bilan olib bormoqda.

O‘zA