9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni

Har yili 9 iyunda nishonlanadigan Xalqaro arxivlar kuni 2007 yil noyabr oyida Kvebek (Kanada)da tashkil etilgan Xalqaro arxivlar kengashi (XAK) Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan.

Sana tasodifan tanlangan emas. Ya’ni, 1948 yil shu kuni YUNESKO qarori bilan XAK tashkil etilgan. Xalqaro arxivlar kuni ilk bor 2008 yili XAK tashkil etilganining 60 yilligi bilan birga nishonlangan.

Xalqaro arxivlar kengashi jahon arxivlari hamjamiyati professional tashkiloti bo‘lib, jahon arxiv merosini saqlash, rivojlantirish va arxiv materiallaridan foydalanishga ko‘maklashadi. Mazkur betaraf nodavlat tashkiloti a’zolar tomonidan moliyalashtiriladi.

bugungi kunda Xalqaro arxivlar kengashi tarkibida 190 davlatdan 1,5 mingga yaqin a’zo bor. 2009 yilda tuzilmaga qo‘shilgan “O‘zarxiv” agentligi muntazam ravishda xalqaro konferensiya va kongresslarda ishtirok etib kelmoqda.

Tashkilot faoliyati – xalqaro standartni o‘rnatish, xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, muloqot orqali arxivlardan foydalanishni ta’minlash, sohani samarali boshqarish, arxiv merosini saqlash, qayta ishlash kabi masalalarni hal etishga qaratilgan.

Ushbu soha xodimiga yuqori talab qo‘yilishi ajablanarli emas, chunki arxivchi kasbiy bilimni puxta egallashdan tashqari ishbilarmon, yuksak insoniy fazilatlar sohibi ham bo‘lishi shart. Zero, unga abadiy ahamiyatga molik tarixiy, madaniy yodgorliklarni asrash mas’uliyati berilgan. Hujjat yaroqli holda saqlanishi uchun arxiv xodimi ma’lumotning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ilmiy, texnik, konservatsion, tiklash va qayta ishlash kabi qator ishlarni bajaradi.

Zamonaviy yuqori texnologiyalar dunyosi hujjatdan ilmiy, madaniy, ijtimoiy maqsadda oqilona foydalanish, zarur ma’lumotni tezkor izlash va topish, ma’lumotni saqlash, to‘g‘ri talqin qilish hamda manbadan maqsadli foydalanishni ta’minlashni taqozo etadi. Buning uchun arxiv xodimi turli ommaviy axborot vositalari, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasini oshirib, bilimi, ish uslubini doimiy ravishda takomillashtirib borishi zarur.

Umuman, bugungi kunda jamiyat hayotida o‘ta muhim ahamiyat kasb etayotgan, o‘ziga xos axborot markaziga aylanayotgan arxivlar retrospektiv hujjatli ma’lumotdan foydalanish imkonini beradi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, samarali davlat boshqaruvi muammosini hal etishga ko‘maklashadi, shuningdek, o‘tmish haqida ilmiy bilim beradi.

Arxiv nafaqat madaniy va tarixiy merosning jiddiy axborot resursi hisoblanadi, balki har bir inson hayotida ham muhim rol o‘ynashi mumkin. Axir, arxivda muayyan kishiga oid individual, turli yuridik va moliyaviy operatsiyalar haqida umumiy ma’lumotlar saqlanadi.

Arxivning manbasi xilma-xil bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ma’lumotlar insoniyatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy rivojlanishi jarayonidagi qimmatli dalil hisoblanadi.

Hozir jahon hujjatli merosini asrab-avaylash, noyob hujjat bilan tanishish imkonini yaratish arxivchilarning asosiy vazifasidir.

Chunonchi, Arxivlar kuni nafaqat ushbu soha xodimlarining kasb bayrami, balki keng jamoatchilik va qaror qabul qiluvchilar e’tiborini arxiv ishi yutuqlari, muammolariga qaratish uchun tashkil etilgan unutilmas sana hamdir.

An’anaga ko‘ra, shu kuni turli mamlakatlarda arxivning o‘rni va ahamiyati, arxivchi kasbini targ‘ib qilish maqsadida turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Aksariyat holatda tadbir tashkilotchilari – XAK a’zolari xodimlarni mintaqaviy va milliy mansubligidan qat’i nazar, o‘z muvaffaqiyatlarini namoyish etishga chaqiradilar.

Ayrim davlatlarda alohida milliy arxiv kuni mavjud, ba’zilar mazkur bayramni umumiy sana qabul qilinishidan oldin ham nishonlashgan.

Rasman bundan yuz yil oldin asos solingan mamlakatimiz arxiv tuzilmasi hozircha Markaziy Osiyodagi yagona arxiv agentligi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tizimida 14 hududiy boshqarma, 103 davlat arxivi hamda filiallar xalqqa xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, yurtimiz hokimliklari huzurida tashkil etilgan 109 ta shaxsiy tarkib hujjatlari jamlangan idoralararo va 11 ta nodavlat arxiv ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda 12 millionga yaqin hujjat saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, respublikamiz arxivlarida saqlanayotgan qimmatli hujjatlarning umumjahon ahamiyati e’tirof etilib, Xiva xonligi hujjatlari 2017 yil YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi bo‘yicha Xalqaro ro‘yxatga kiritilgan.

Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA