Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Kadastr agentligiga yil yakunigacha 20 ta vazirlikning kadastr ma’lumotlarini Milliy geoaxborot tizimiga to‘liq kiritish topshirildi.

1 sentyabrga qadar 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalarini tashkil etish reja qilingan.

Ushbu maqsadlar uchun o‘tgan yili respublika byudjetidan 1,4 trillion so‘m, joriy yilda esa 900 milliard so‘m ajratildi.

Masalan, Jizzax shahri Jizzaxlik mahallasidagi boshi berk ko‘cha Sharof Rashidov markaziy ko‘chasiga bog‘lanib, 1,4 kilometr avtomobil yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘lakchalari barpo etilgan. Savdo va servis ob’ektlariga tunu-kun ishlashga ruxsat berilgan.

Natijada, ilgari ushbu hududdagi 1 kvadrat metr joy 2-3 million so‘mga ham sotilmagan bo‘lsa, hozir narxi 8-9 million so‘mga yetgan. Eng muhimi, savdodan tushgan mablag‘larni boshqa ko‘chalarning infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish ishlari boshlangan.

Viloyat hokimlariga Jizzax tajribasi asosida 1 tadan ko‘chani tanlab, ularni serqatnov ko‘chalarga ulash orqali servisni rivojlantirish loyihasini boshlash topshirildi.

Yig‘ilishda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Misol uchun, Boysundagi Omonxona qishlog‘ida 1 ta sihatgoh, 3 ta mehmonxona bo‘lib, mehmonlarni 190 ta xonadon qabul qiladi (yiliga o‘rtacha 22-25 ming mehmon keladi).

Ushbu qishloqdagi hokim yordamchisi mehmonlar oqimini 100 mingga yetkazish bo‘yicha ish boshlagan.

Agar yo‘l infratuzilmasi yaxshilansa, yo‘l bo‘yida 200 dan ziyod servis ob’ekti va kamida mingta ish o‘rini paydo bo‘ladi.

Umuman, 28 ta yirik shahar, xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori 10 ta tumanda ishlar yangi yondashuvlar asosida tashkil etiladi. Bu hududlarning master-rejasini ishlab chiqishga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Bunda:

– bir hafta muddatda har bir tuman va shaharda loyiha ofislari tuzilib, xorijiy konsalting kompaniyalari va ekspertlar jalb qilinadi;

–loyiha ofislari bir oy muddatda ushbu tuman va shaharlar aholisi takliflari asosida master-rejani ishlab chiqadi.

Ushbu tuman va shaharlarga tijorat banklari biriktirilib, servis loyihalarini moliyalashtirishga mas’ul bo‘ladi

O‘zA