Bugun 24 may kuni Janubiy Koreya Geonggi-do taekvondo assotsiatsiyasi raisi Kim Kyong Dok boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov qarshi oldi. Delegatlar tashrif davomida o‘zbek sportining boy tarixi bilan yaqindan tanishishdi. Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

Muzokaralar davomida koreyalik mehmonlar O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi faoliyati Koreya Respublikasi taekvondo assotsiatsiyasi bilan o‘xshashligi, terma jamoamiz vakillarini “Parij-2024” va “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlariga tayyorlashda o‘zaro hamkorlikda ishlash masalasini muhokama qilishdi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik trener va hakamlarning malakasini Koreya Respublikasida oshirish, sport tibbiyoti, farmakologiya, diyetologiya yo‘nalishlarida erishilgan so‘nggi muvaffaqiyatlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish mavzularida fikrlashildi.

Uchrashuvda mehmonlar mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga, o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydondagi natijalariga yuqori baho berishdi.

O‘zA