Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida oliy ta’lim muassasalarining bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostidagi esselar tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda fakultet, oliy ta’lim muassasasi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 30 nafar talaba ishtirok etdi.

Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlar, buyuk maqsadlarga ega shaxslar sifatida tarbiyalashdir. Shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda yoshlarning faol ishtiroki va daxldorligini shakllantirishdan iborat.

Tanlov yakunida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim fakulteti 2-bosqich talabasi Gulchehra Qalbayeva birinchi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali kompyuter injiniring fakulteti 2-bosqich talabasi Aziza Sherimmatova ikkinchi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘zbek filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Gulyor Gapparova uchinchi o‘rinni egallab, mamlakatimiz bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblari va ularning ustozlariga diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA