O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan SHHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning joriy holati va istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasidagi tadbirlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston raisligida shu kungacha 40 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi, may-sentyabr oylariga mo‘ljallangan yuqori darajadagi uchrashuvlarning tashkiliy jihati, kun tartibi muhokama qilindi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tashabbusi bilan SHHT doirasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan. Ayni jarayon tashkilot kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, SHHTga a’zo davlatlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha ilk bor vazirlar yig‘ilishlari tashkil etildi. 17 may kuni Toshkent shahrida o‘simliklar karantini bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
SHHT Bosh kotibi asosiy voqea – 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimiz tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholadi. Shu nuqtai nazardan, bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
SHHT faoliyatini yanada rivojlantirish, tuzilmaning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokarada xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga oid ayrim masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham ko‘rib chiqildi.
G‘.XONNAZAROV, O‘zA