O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islohotlarning joylardagi ijrosi, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 12 may kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil bugun hayotning har bir jabhasida o‘z tasdig‘ini topmoqda. Asosiysi keng qamrovli islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. Buni Farg‘ona viloyatidagi yangilanishlardan, bunyodkorlik ishlaridan ham bilish mumkin. Birgina o‘tgan yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 45 trillion so‘mdan oshib, o‘sish ko‘rsatkichi 8 foizni tashkil etdi. Aholi bandligini ta’minlash, ishsizlik darajasini qisqartirish borasidagi ishlar natijasida 150 ming nafardan ziyod fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi.

Jumladan, Investitsiya dasturiga muvofiq qiymati 4,2 trillion so‘m bo‘lgan 809 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz hududlarni rivojlantirishda ularning o‘ziga xos xususiyatidan va aholi ko‘nikmalaridan kelib chiqib ish tutish zarurligini ta’kidlaydi. Oltiariqning shunday ustuvorligi dehqonchilikda, odamlarining omilkorligida. Ayniqsa, Oltiariq uzumi chet ellarda ham taniqli “brend”ga aylangan.

Bunday mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadida tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi tashkil etildi.

Prezidentimiz ushbu bog‘ni kelib ko‘rdi.

Ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer edi. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun ming gektar yangi manba paydo bo‘ldi. Buning uchun quduqlar va hovuzlar qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Bunda foydalanilgan uskuna va quvurlar ham to‘liq mahalliy mahsulot.

O‘zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “husayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bog‘da olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.

Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, ko‘katlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bular aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.

– Farg‘ona qishloq xo‘jaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti, dehqonlar eksportga chiqayapti. Lekin kechagi natija bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda bo‘lishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bog‘ bo‘ldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda ko‘p. Bu imkoniyatlarni “inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish kerak. Vodiy gavhari Farg‘ona bunda namuna bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yer zamonaviy agrosanoat majmui bo‘ladi – 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bog‘ va tokzorlar aholiga bo‘lib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda farg‘onalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.

– Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi. Mulkdor qancha ko‘p bo‘lsa, mas’uliyat ko‘p bo‘ladi, xaridorlarning, chet ellik hamkorlarning tadbirkorga ishonchi bo‘ladi, odamlar ko‘proq daromad oladi, – dedi Prezident.

Hududda 3 mingdan ortiq ish o‘rni ochilishi aytildi. Ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ishga olinadi.

Prezidentimiz shunday ishchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik va gulchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘ldi.

Korxona rahbari Muhammadali Yunusov milliy yog‘och o‘ymakorligi maktabining munosib davomchisi. Uning ishlari yurtimizdagi ko‘plab maqbara va yangi majmualarga ko‘rk bag‘ishlagan. Qo‘ligul hunarmand O‘zbekiston xalq ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.

Muhammadali Yunusov ijodida “pargori”, “sharafa”, “muqarnas” va “islimiy” uslublar ustuvor. Naqshinkor ustunlar, kursi, lavh, quticha va boshqa oilaviy buyumlar hamisha xaridorgir.

Ustaning shogirdlari ko‘p. Shu bois korxonaga keng sharoit yaratish maqsadida yangi bino qurilmoqda.

– Ota-bobolarimizdan meros hunarni asrab-avaylab, yosh avlodga yetkazayotganingiz, yoshlarni ishli qilayotganingiz uchun rahmat, – dedi Prezident. – Bunday hunarmandchilik turlarini yanada ommalashtirish kerak. Bu ham madaniyat, ham ma’rifat, ham iqtisodiyot.

Davlatimiz rahbari mazkur oilaviy korxona yonida maktab tashkil etish, unda hunarlar bilan birga matematika, geometriya, fizika, kimyo kabi fanlarni ham chuqurlashtirib o‘qitish muhimligini ta’kidladi. Toshkent, Samarqand, Xiva va Buxoroda ham shu kabi yog‘och o‘ymakorligi markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida qurilgan mebelsozlik majmuasini borib ko‘rdi.

Buvaydada ko‘pchilik usta duradgor. Oilalar o‘z uyida eshik-romlar tayyorlab sotadi. Ularning mahsulotlari Farg‘ona vodiysidan tashqari Toshkent shahri, uzoq viloyatlargacha yetkazib beriladi.

Lekin hovlida sharoitlar yetishmasdi. Ob-havo, shovqin noqulaylik tug‘dirardi. Buvaydalik hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallada mebelsozlikka ixtisoslashgan majmua barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bir qavatli binolarda ishlab chiqarish ustaxonalari, ikki qavatli binolarda savdo, ko‘rgazma va maishiy xizmat xonalari joylashgan.

Prezidentimiz yangi binoda ish boshlagan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

– Bular bu kunga mashaqqat bilan kelgan. Endi har kuni ishlashga ham tayyor. Faqat buning uchun barqaror xomashyo va bozor kerak. Davlat shu jihatdan yordam bersa, hunarmandlarning ishi yurishadi, shogirdlari ko‘payadi, daromadi oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda mebelbop daraxtlar yetishtirish, qayta ishlangan yog‘och mahsulotlar tayyorlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki bozordan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Majmua to‘liq ishga tushgach, 3 ming 700 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanishi mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida bunyod etilayotgan Yengil sanoat va logistika markaziga bordi.

Bu majmua ham Prezident tashabbusining natijasi. Uchko‘prikda tikuvchi ayollar, oilaviy korxona tashkil etgan, mahalladoshlarini ishli qilgan tadbirkorlar ko‘p. Lekin ular moslashtirilgan sharoitlarda ishlar, bu biznesni kengaytirishga halal berar edi.

Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida tadbirkor ayollar bilan suhbatlashib, ular uchun zamonaviy majmua qurilishiga va’da bergan edi. Shu asosida 2021 yil 27 may kuni “Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

bugungi kunda 15 gektar yer ajratilib, ko‘p qavatli bino barpo etilmoqda. Bu yerda 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta savdo rastasi bo‘ladi. Shuningdek, 2 ta logistika markazi tashkil etiladi. Natijada Boboshbek, Bekmurod, Zig‘ir, Paloxon va Yakkamulla kabi mahallalardagi yuzlab tadbirkorlarga zamonaviy qulaylik yaratiladi.

Masalan, birgina Boboshbek mahallasida 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ular tayyorlayotgan mahsulotlar Qo‘qon bozori orqali yurtimiz hududlari, qo‘shni mamlakatlargacha yetib bormoqda. Endi zamonaviy sharoitlar samarasida bu ko‘lam yanada kengayadi.

Prezidentimiz bu yerda ish boshlagan tikuvchilik korxonalari faoliyati bilan tanishdi, tadbirkorlar va xaridorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Majmuada yiliga 876 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik eksport qilinishi mo‘ljallangan. Jami 7 ming 700 dan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi mumkin.

Qo‘shtepa tumanida ham yana bir to‘qimachilik korxonasi qurilmoqda. “Global textile infinity” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan bu fabrika yiliga 18 million metr yuqori sifatli mato hamda 2 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari to‘qimachilikda qayta ishlash darajasini va mahsulotlar oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Bugun bozor beshafqat. Bu raqobatga munosib bo‘lish uchun tadbirkorning kamida besh yillik mo‘ljali, sifat kafolati, tannarxda o‘zining rezervi bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasida bo‘ldi.

Navro‘z mahallasi hududidagi bu joy ilgari toshloq, foydalanilmaydigan yer edi. Lekin kommunikatsiya va logistika jihatidan juda qulay.

Shu bois 7 gektar maydonda ushbu sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 28 ta loyiha joylashtirilgan. bugungi kunda ularning 12 tasi ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Barcha korxonalarda mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari korxonalardan birida ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashdi.

– Inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha harakatlarimizda ayollarga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Ayol bu – oila degani, barkamol farzandlar degani. Nima uchun “Ayollar daftari” tashkil qildik? Har bir ehtiyojmand xotin-qizga e’tibor qilish uchun. Sizning ham ba’zilaringiz “mening qo‘limdan kelmaydi” deb o‘ylagan bo‘lishingiz mumkin. Qila olar ekansiz-ku. Sizlarda mana shunday ishonch bo‘lishi uchun, qizlarimiz kasb-hunarli bo‘lishi uchun bundan keyin ham hamma imkoniyatlarni ishga solamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday sanoat zonalarini chekka tumanlarda ham ochib, unga yoshlarni jalb etish, kasbga o‘rgatish va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz Toshloq tumanidagi “Agro impex valley” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Qiymati 100 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan ushbu korxona 2020 yilda ishga tushirilgan. Bu yerda “Amira tekstil” belgisi ostida tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, yozgi poyabzallarning ustki qismi ham tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshloq tumanida ishlab chiqarilayotgan sanoat va hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

Mas’udjon SULAYMONOV,

O‘zA muxbirlari