Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda maktab darsliklarini yangilashga 605 milliard so‘m ajratilgan.

Xo‘sh, katta  mablag‘lar  sarf qilinayotgan maktab darsliklarida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida  Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva ishtirokidagi brifingda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan 1-11-sinflarda ingliz tili hamda 5-11-sinflarda informatika fani Kembrij darsliklari va metodikasi bo‘yicha o‘qitiladi.

Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yili uchun 1-, 2-sinflarda 154 nafar muallif ishtirokida 326 nomda zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlar yaratildi. Shuningdek, ilk marotaba barcha fanlar uchun o‘qituvchi kitobi, boshlang‘ich sinflarda mashq daftari va mobil ilovalar tayyorlanmoqda.

Joriy yilda darsliklarni yaratish maqsadida ajratilayotgan mablag‘lar  yangi o‘quv yilida 3-, 6-, 7-, 11-sinflarda barcha darsliklarni yangilashga, jami 422 nomda o‘quv adabiyotlarini tayyorlashga safarbar qilinadi.

O‘zbekiston maktab ta’limida ilk marotaba xorijdan eng yaxshi o‘quv adabiyotlarni maktablar uchun adaptatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda jami 46 nomdagi o‘quv adabiyotlari O‘zbekistonga moslashtirildi, tarjima qilindi hamda tajriba-sinovdan o‘tkazildi.

Shakl va mazmun jihatidan butunlay o‘zgargan maktab darsliklarida xalqaro miqyosda tan olingan rivojlangan davlatlar darsliklarining yutuqlari va XXI asr mehnat bozori uchun egallanishi zarur bo‘lgan ko‘nikmalar inobatga olingan.

Brifingda qayd etilishicha, milliy sinflar uchun 2-11-sinf rus tili darsliklari hamda o‘qituvchi kitobi, mashq daftarlari, jami 20 nomdagi adabiyotlarning original maket loyihasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan tayyorlandi. Nemis tili o‘qitiladigan sinflarda joriy yilda Germaniyaning “Klett” nashriyotining 28 nomdagi nemis tili darsliklari amaliyotga kiritiladi. bugungi kunda Fransiya bilan ham fransuz tilini o‘rgatuvchi eng ilg‘or darslik majmualarini olib kelish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Eng muhimi, maktablarimizga yangi darsliklar orqali yangi metodika – o‘qitish yondashuvi kirib bormoqda. U jamiyatdagi ayni paytdagi o‘zgarishlar, mehnat bozori, o‘quvchining qiziqishlari, kognitiv rivojlanishini hisobga olgani bilan o‘ziga xosdir.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA