Poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan «Oltin qalam» XVI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu tadbirga ommaviy axborot vositalari xodimlari, sohaga oid oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ekspertlar, yosh ijodkorlar, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarning mutasaddilari taklif etildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, tanlov tashkiliy qo‘mitasi raisi Olimjon O‘sarov keyingi yillarda mamlakatimizda milliy jurnalistika sohasini tubdan isloh etish, fuqarolarning so‘z va axborot olish erkinliklarini ta’minlash borasida keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakatimiz va jahon miqyosida yuz berayotgan voqeliklarga xolis, haqqoniy yondashish, uni teran tahlil etish, muammolarni xolis tanqid vositasida hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

bugungi kunda milliy jurnalistika xalq bilan davlat o‘rtasida tobora shaffof ko‘zguga aylanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tahririyatlarning moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, jurnalistlarning zamonaviy va tezkor formatda ishlashi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Chegarasiz reportyorlar» xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan «to‘rtinchi hokimiyat»ga aylantirish borasida qo‘yilayotgan muhim qadamlarning amaliy natijalaridan biridir.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni izlanishlar sari da’vat etishda turli ma’rifiy loyihalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. 2006 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi jurnalistlarni ijodiy izlanishga chorlash, ularning faolligini oshirish, islohotlar shiddatini tezkor, xolis va haqqoniy tarzda aholiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilda o‘tkazilayotgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga 448 nafar ishtirokchi besh mingga yaqin ijodiy ishlarini topshirgan.

Bu yil tanlov ishtirokchilari ishini baholashda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rasmiy jurnalistlar.uz sayti orqali keng jamoatchilik ishtirokidagi on-layn baholash ham yo‘lga qo‘yildi. Har bir ishtirokchining alohida sahifasi bo‘lib, ishtirokchilarning elektron ro‘yxati shakllantirildi. «Oltin qalam -2022» sahifasida qatnashchilar tomonidan taqdim etilgan ishlar joylashtirildi. Ijodiy ishlarni baholash avtomatlashtirilib, har bir yurtdoshimiz ovoz berish yo‘li bilan tanlov g‘olibligiga da’vogarlarning ijodiy ishlarini baholab borish imkoni yaratildi.

Tantanali tadbirda asosiy mukofotlar – televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet jurnalistika bo‘yicha «Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot» nominatsiyasida birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘lgan qatnashchilarga mukofotlar topshirildi. G‘oliblar diplom, «Oltin qalam ” ko‘krak nishoni, statuetkasi va bazaviy hisoblashning tegishli miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Jumladan, «Eng yaxshi jurnalistik material uchun» (televideniye) yo‘nalishida

1-o‘ringa «Madaniyat va ma’rifat» telekanalidan Yulduz Fayziy,

2-o‘ringa «Sevimli» telekanalidan Mo‘’tabar Nurmuhammedova,

3-o‘ringa Maftuna Mamasiddiqova («Ruxsor TV» Farg‘ona viloyati) loyiq topildi.

«Eng yaxshi jurnalistik material uchun» (radio) yo‘nalishida 1-o‘rin Navoiy TRK muxbiri Farog‘at Barnoyevaga , 2-o‘rin “Oʼzbekiston 24» teleradiokanalidan Zarbuvi Choriyevaga, 3-o‘rin «Grand» radiokanalidan Nodira Maqsudovaga berildi.

«Eng yaxshi jurnalistik material uchun» nominatsiyasi bo‘yicha internet-jurnalistika yo‘nalishida 1-o‘ringa O‘zA bo‘lim mudiri Norgul Abdurayimova, 2-o‘ringa kun.uz sayti muxbiri Ilyos Safarov, 3-o‘ringa xabar.uz axborot tahliliy portali muxbiri Anvar Namozov loyiq topildi.

«Eng yaxshi jurnalistik material uchun» nominatsiyasida bosma nashrlar bo‘yicha 1-o‘ringa «Xalq so‘zi» – «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati (bosh muharriri O‘tkir Rahmatov), 2-o‘ringa «Erkin Qoraqalpog‘iston» gazetasi muxbiri Guloyim Saparova, 3-o‘ringa Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi «Taraqqiyot» gazetasi bosh muharriri Chori Alimov hamda «Yoshlar kundaligi» tahririyati jamoasi (Tahririyat bosh muharriri Behzod Kabulov ) munosib ko‘rildi.

«Inson qadrini ulug‘lashga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallari uchun», «Mahalla,oila va gender tenglik mavzusi eng yaxshi yoritilgan material uchun», «O‘zbekiston tarixi yoritilgan eng yaxshi material uchun», «OAV bilan eng faol hamkor axborot xizmati», «Eng yaxshi fotoreportaj» rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar ham o‘z egalariga topshirildi.

Shu bilan birga, chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi g‘olib va sovrindorlari ham taqdirlandi.

Tanlovda xalqaro tashkilotlar va Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi kabi chet davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari tomonidan ta’sis etilgan nominatsiyalarning g‘oliblari ham e’lon qilindi. Xalqaro hamkorlar tomonidan e’lon qilingan nominatsiyalar g‘oliblariga ushbu davlatlarga sayohatlar sertifikatlari ham topshirildi.

E’tiborga molik jihati, bu yilgi tanlovda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yangilanayotgan O‘zbekistonimiz jurnalistikasida kechayotgan o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi.

«O‘zbekiston tarixi» telekanali jamoasi (bosh muharriri Shuhrat Hayitov) Bosh milliy mukofot sohibi deb topildi. G‘olib maxsus diplom, «Oltin qalam» tanlovi ko‘krak nishoni, statuetka va bazaviy hisoblashning 200 barobari miqdorida (54 000 000 so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlandi. G‘olib jamoaga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari- Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov topshirdi.

Tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA