Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda Turizm vazirligiga xorijiy turistlarga ko‘maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilib, eng yaxshilariga grant ajratish topshirildi.

186 ta xalqaro va mahalliy festivallar tashkil etish orqali joriy yilda kamida qo‘shimcha 1 million xorijiy va 5 million nafar ichki turistlarni jalb qilish mumkin.

Shu bois, Turizm vazirligiga:

– Namanganda – Xalqaro gullar;

– Farg‘onada – Turkiy xalqlar yoshlari;

– Surxondaryoda – “Boysun bahori”;

– Xorazmda – Lazgi;

– Qoraqalpog‘istonda – “Stixiya” elektron musiqa;

– Toshkent shahrida – “Gastro Bazar” va Toshkent xalqaro kino festivallarini yuqori saviyada tashkil etish topshirildi.

Madaniyat vazirligiga:

– iyunda Toshkent shahrida qo‘g‘irchoq teatri, Gulistonda milliy cholg‘u festivali, Toshkent viloyatida xalqaro etnofestival;

– may-iyunda Andijon va Sirdaryoda Botir Zokirov milliy estrada simfonik orkestri, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda Akademik xalq cholg‘ulari orkestri, Namangan va Farg‘onada “Navro‘z” ashula va raqs ansambllari konsertlarini tashkil etish topshirildi.

–Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylar aholiga chegirma bergani, ziyorat ob’ektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi.

Bu orqali Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turist bordi. Kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholimizga yana 5 kunlik dam olish beriladi. Bu hududlarda ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat. Endi ushbu ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha yangi tartibni joriy etamiz, – dedi Prezident.

Jumladan, 2022 yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga:

– avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so‘mgacha, temir yo‘l va avtobusga 100 ming so‘mgacha);

–mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun – 80 ming so‘mgacha);

– muzey va boshqa madaniyat ob’ektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta ob’ekt uchun – 20 ming so‘mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.

Bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.

O‘zA