Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida Romitan tumanidagi “Buxoro oazis”, Pop tumanidagi Chodak va Samarqand tumanidagi Konigil qishloqlarida tashkil etilgan majmualarning ichki turizmni rivojlantirishdagi ijobiy natijalarini qayd etdi.

Bunday loyihalarni Angrendagi Lashkarak, Parkentdagi Kumushkon, Shahrisabz tumanidagi G‘elon, Suvtushar, Kitobdagi Jovuz, Varganza va Bashir, Chiroqchidagi Tarag‘ay va Langar, Xo‘jaoboddagi Imom ota, Nurotadagi Sentob, Zomindagi Duoba, Farg‘ona tumanidagi Satkak qishloqlarida ham amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Bundan tashqari, hokim yordamchilari 85 ta mahallada yo‘l, elektr, ichimlik suvi, aloqa masalalari hal qilib berilsa, 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirishi va kamida qo‘shimcha 3 million turist jalb qilish tashabbusini bildirayotgani qayd etildi.

Prezident turizm qishloqlari uchun qo‘shimcha imtiyozlarni e’lon qildi. 1 iyuldan boshlab:

– turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar 3 yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi;

– oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ushbu qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov lagerlari va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar beriladi.

Misol uchun, Chiroqchidagi Tarag‘ay va Langar qishloqlari aholisi kamida 100 tadan mehmon uylari tashkil etish tashabbusini bildirgan;

– har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan turizm texnikumlarida bepul o‘qitiladi.

135 ta ixtisoslashgan mahallada 2,5 mingta loyiha uchun joriy yilda 250 milliard so‘m va 50 million dollar ajratiladi.

Mehmon uylari tashkil etish uchun 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O‘zA