Prezident huzurida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining faoliyati va 2022 yildagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish davom etmoqda.

–Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi nafaqat o‘z tarkibidagi korxonalar bilan, balki barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bilan bevosita shug‘ullanishi shart, – dedi Prezident.

Endilikda vazirlik rahbariyati har hafta tumanga, qishloqqa, mahallaga, korxonalarga borib, joylardagi muammolarni o‘rganadi va hal etib boradi.

Har bir vazirlik, idora va hokimlarning ITga mas’ul o‘rinbosari AKT vaziriga bo‘ysunadi, ularning ishi har chorakda aniq natijalarga qarab baholanadi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonni mintaqaviy IT markaziga aylantirish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun:

– IT eksportini yil yakuniga qadar kamida 100 million dollarga yetkazish;

– ichki IT xizmatlari hajmini yiliga kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash;

– joriy yilda qolgan 6 ta hududda ham IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va malakali kadrlar ta’minlash, qolganlarida kamida 20 tadan kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va 5 ming nafar yoshlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda birinchi yarim yillikda 6 ta (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan), yil yakunigacha yana 8 ta masofaviy xizmatlar markazini tashkil qilib, xorijdan buyurtmalar olishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Jahon IT bozoriga chiqqan kamida 30 ta yirik kompaniyalarni mamlakatimizda faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhimligi aytildi.

Eng og‘ir hududlar – Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki oy muddatda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1 ming nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yil boshidan xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassislar kelgan bo‘lib, ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni reja qilganligi ta’kidlandi.

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini amalga oshirishni qat’iy nazorat qilib borishga ko‘rsatma berildi.

Hozirgi loyihalarni amalga oshirish muddatlari yetarli darajada emasligi, AKT vazirligiga bu boradagi ish uslubi va yondashuvlarni o‘zgartirish orqali:

– bir oy muddatda hamma vazirlik va hududlar bilan loyiha rejalarini qayta ko‘rib chiqish;

–yil yakuniga qadar jami 404 ta hududiy, 133 ta tarmoq loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 30 ta, yil yakunigacha 40 ta davlat xizmatlarini yagona portalga kiritish vazifasi qo‘yildi. Portaldagi xizmatlar soni 376 taga yetadi.

Yil yakunigacha pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug‘urtalash kabi 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratilib, ularning soni 150 taga yetkaziladi.

Shu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga yetkaziladi.

O‘zA