Prezident huzurida davom etayotgan farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning sa’y-harakatlarini birlashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Bu faqat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ishi emasligi, balki:

– Sog‘liqni saqlash vazirligi talabni shakllantirishi va sifatli mahalliy dorilarni qidirib topishi;

– Moliya vazirligi kafolatli davlat xaridlarini joriy qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishi;

–Investitsiya va tashqi savdo vazirligi yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, loyihalarni ko‘paytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

–Agar viloyat hokimlari 200 dan ziyod farmatsevtika korxonalari bilan uchrashib, masalani ichiga kirganida edi, ko‘p muammolar joyida hal bo‘lardi,– dedi Prezidentimiz.

Farmatsevtika agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun Investitsiya vazirligidan agentlikka birinchi o‘rinbosar – Ulug‘bek Egamov tayinlangani ma’lum qilindi. Unga agentlik tizimiga yangi investitsiya muhitini olib kirish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Agentlik va viloyat hokimlari oldiga joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Misol uchun, joriy yilda Toshkent farmatsevtika parkida 50 million dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Jami ushbu klasterda 3 yilda 280 million dollarlik 6 ta korxonani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Yoki, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda atigi 1 tadan eng oddiy dorilarni ishlab chiqaradigan korxona mavjud bo‘lsada, mazkur viloyatlar kelgusi 2 yilda bor-yo‘g‘i 2 tadan yangi loyihani amalga oshirishni reja qilgan.

Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, kamida 10 ta brendni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.

O‘zA