Barcha sa’y-harakatlarimiz obodlik, bunyodkorlik va aholi farovonligiga xizmat qilsin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi.

Toshkent shahrida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun poytaxtimiz tom ma’nodagi qurilishlar maydoniga aylangan. Yangidan-yangi inshootlar, korxonalar, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sport majmualari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, mahalla guzarlari, bozorlar, bog‘lar, xiyobonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishidagi 2-bosqich qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev bu kabi murakkab jarayon nafaqat mablag‘, balki aqliy mehnat va yuksak mahorat, chuqur bilim va tafakkur, yuqori texnologiyalarni talab qilishini ta’kidladi.

Qurilishga 200 dan ortiq ishchi va muhandis, 40 ta texnik vosita va mexanizm jalb etilgan. Metro qurilishiga Germaniyadan yerosti tunnelini qaziydigan kompleks, burg‘ulash va temir-beton qoziq qoqish texnikasi, shuningdek, GFR va Xitoy kranlari olib kelingan.

Qurilayotgan metro uchastkasining uzunligi 2,9 kilometr bo‘lib, uni 2019 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimizga metro bekatlarining dizayni va qiyofasi, ularni zamonaviy va milliy an’analar asosida qurish va bezash bo‘yicha ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari metro qurilishida ishlatilayotgan eng zamonaviy texnik vositalar bilan tanishtirildi.

Shu yerning o‘zida Toshkent shahri metropolitenini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda barpo etilayotgan «Navro‘z» istirohat bog‘i loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Navro‘zi olam – xalqimizning eng qadimiy milliy bayrami. Yurtimizda kattayu kichik barcha sharqona yangi yil bo‘lmish ushbu ayyomni orziqib kutadi. Ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat ayyomi qalblarga olam-olam surur va orzu-havaslar baxsh etadi.

Joriy yilda ham Navro‘z bayramini ko‘tarinki ruhda, umumxalq sayli tarzida nishonlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining Abdulla Qodiriy, Sharof Rashidov va Labzak ko‘chalari kesishgan joyda «Navro‘z» bog‘i barpo etilmoqda.

Bog‘ uchun 32 gektar yer ajratilgan bo‘lib, bu yerda 6 ming kishilik usti ochilib yopiladigan amfiteatr, diametri 72 metrlik charxpalak, har bir viloyat aholisining o‘ziga xos urf-odatlari, ajdodlarimizning yashash tarzi, milliy hunarmandlik, pazandalik an’analarini aks ettiruvchi uylar quriladi. Bu yerga kelgan xorijiy delegatsiyalar a’zolari va sayyohlar ajdodlarimizning o‘ziga xos boy madaniy merosi, folklori, etnografiyasi, kiyinish madaniyati, san’ati bilan tanishish, har bir hududning lazzatli taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Joriy yildan boshlab xalqimizning Mustaqillik, Navro‘z kabi ulug‘ bayramlari mazkur bog‘da o‘tkaziladi. Bundan tashqari, majmuada ommaviy sayillar, konsertlar tashkil etish uchun barcha sharoit yaratiladi. Istirohat bog‘i markaziga quyosh shaklida Navro‘z ramzi o‘rnatiladi. Majmua 2019-yili to‘liq qurib bitkaziladi.

“Navro‘z” bog‘idan Anhor kanali uzra uchta piyodalar ko‘prigini bunyod etish mo‘ljallangan. Bog‘ cheti «Anhor-Lokomotiv» parkiga tutashib ketadi. Odamlar bu ko‘priklardan amfiteatrga kirib keladi, Anhor kanali bo‘ylab sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur bog‘ Navro‘z bayramimizni tarannum qiladigan, millatimizning o‘zligini ko‘rsatadigan markaz bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. Bog‘ning har bir elementida, har bir qarich yerida xalqimizning madaniyati ufurib turishi zarur. Buning uchun Anhor kanali bo‘ylariga Toshkent shahri tumanlari, viloyatlarimiz uchun o‘rinlar tashkil qilish kerak, toki hududlar bu yerda o‘zining asl an’analari, bahoriy udumlarini namoyish etsin. Yurtimizga kelgan sayyohlar avval Islom sivilizatsiyasi markaziga, so‘ng bu yerga kelib, xalqimizning boy madaniy merosi bilan tanishsin.

Davlatimiz rahbari bog‘ hududini obodonlashtirish, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazish, Anhor bo‘yida qayiqlar bekati bunyod etish, majmuada aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan sahna asarlari namoyish etishni tashkillashtirish yuzasidan mutasaddilarga zarur tavsiyalar berdi.

Shu yerda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hududida Musiqa san’ati professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish markazini bunyod etish loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Olmazor tumani Qichqiriq kanali bo‘yida madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu yerga tashrif asnosida Shavkat Mirziyoyevga mazkur park loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi. Ma’lum qilinganidek, bog‘da bolalar va sport maydonchalari, zamonaviy attraksionlar tashkil etiladi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani quriladi.

Prezident kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ijodini yoshlarga chuqur o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. Aholining dam olishi uchun qulayliklar yaratish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklinika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bog‘ bilan tanishuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari yaratish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2017-yil 26-may kuni bu maskanda bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Manbalarda keltirilishicha, 1363-1364-yillarda Sohibqiron Amir Temur Ahmad Yassaviyning nabirasi Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan.

Ayni paytda bu yerda bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. “Ijod-Ijod” xususiy korxonasi tomonidan masjidning gumbaz qismiga o‘zgartirish kiritilib, tarixiy xonaqoh bilan uyg‘unlashtirilgan, 900 kishiga mo‘ljallangan ayvon qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, hunarmandlar uchun ustaxonalar, avtoturargoh va boshqa inshootlar barpo etilmoqda. Chillaxona tiklanayotir. Qurilish ishlari joriy yilning 1 sentyabrida yakunlanishi mo‘ljallangan.

Prezident masjidni milliy me’morlik an’analari asosida bunyod etish va bu yerda ziyoratchilar uchun keng qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Biznes-markazida yuqori va tejamkor texnologiyalarga asoslangan «High Tech Sity» shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Janubiy Koreyaning «Posco Daewoo» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyihaning qiymati 1,4 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

«High Tech Sity» shaharchasi hududida xalqaro biznes-markaz, ko‘p qavatli turar joylar, ilmiy ishlab chiqarish klasteri, yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan institut, politexnika kolleji, savdo shoxobchalari, madaniy ko‘ngilochar inshootlar, mehmonxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurilishi mo‘ljallanmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko‘prik qurilish tresti» korxonasi tomonidan bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgich qurilishini ko‘zdan kechirdi. Mazkur o‘tkazgichda avtomobillar harakati 6 yo‘lakdan iborat bo‘ladi. Ayni paytda qurilish ishlariga 30 dan ortiq texnika vositalari, turli murakkab mashina va mexanizmlar, 200 dan ziyod malakali muhandis va ishchi jalb qilingan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida Chilonzor tumanida barpo etilayotgan yangi masjidga tashrif buyurdi. Prezident ushbu maskanga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini berishni taklif qildi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganish va targ‘ib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlagan edi.

Prezident Sergeli tumanidagi qo‘p qavatli yangi uy-joylar qurilishi bilan ham tanishdi.

Loyihaga asosan 5 ming 40 xonadonli 7 qavatli uylar qurilishi belgilangan. 120 ta uyning handagi qazildi. 8 ta uyning uchinchi, 33 ta uyning birinchi qavatida g‘isht terish ishlari olib borilmoqda. 20 tasida plita yotqizish, 59 tasida poydevor qo‘yish, blok terish va metall ishlari bajarilmoqda. Qurilishga 6 mingdan ziyod mutaxassis, 450 dan ziyod maxsus texnika jalb etilgan.

Loyihalashtirish ishlari “Qishloq qurilish loyiha” instituti, “ToshuyjoyLITI” AJ, “Tashgiprogor” AJ, “O‘zshaharsozlik LITI” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Alohida ta’kidlash kerakki, yangi uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan barpo etilmoqda. Ularning tevaragida maktablar, dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan 8 ta uyning birinchi qavatida maktabgacha ta’lim muassasalari, 3 ta uyning pastki qavatlarida oilaviy poliklinikalar joy oladi. Shu tariqa qurilayotgan yangi massiv aholisi uchun qulayliklar yanada ko‘payadi.

Yangi uylarni joriy yilning sentyabr oyida o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari quruvchilar bilan muloqotda xonadon sohiblari uchun barcha sharoitlar yaratish lozimligini, buning uchun qurilish, dizayn, infratuzilma kabi sohalarni har tomonlama o‘zlashtirgan, ularning uzviy bog‘liqligidan kelib chiqib ishlaydigan yetuk kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatda sifatli qilib yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

O‘zA