Yaponiyaning yetakchi NHK teleradiokompaniyasi o‘z saytida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida material joylashtirdi.

Quyida ushbu material matni keltirilmoqda:

«O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati xorijiy sayyohlar uchun viza olish tartibini bekor qilish va soddalashtirish orqali turizm industriyasini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishni maqsad qilyapti.

2018-yilning 10-fevralidan Markaziy Osiyoning bu davlati 39 mamlakat fuqarolari uchun sayyohlik vizasi olishni soddalashtiradi.

Bundan tashqari, joriy yilning 10 fevralidan boshlab, 7 mamlakat, jumladan, Yaponiya, Isroil, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Janubiy Koreya fuqarolari 30 kungacha O‘zbekistonda vizasiz qolishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil oxirida lavozimga kirishgan davridan mamlakatning xalqaro hamjamiyatga har tomonlama ochiqligiga qaratilgan faol siyosatni qat’iy olib bormoqda.

Bu chora-tadbirlar turizm tarmog‘ini rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

32 milliondan ziyod aholiga ega O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va inson kapitali bo‘yicha yirik davlat hisoblanadi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlari YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu boradagi amaliy islohotlar natijasida 2017-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan yaponiyaliklar soni ilk bor 9 500 nafarni tashkil etdi.

NHK teleradiokorporatsiyasiga bergan intervyusida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi G‘ayrat Fozilov vizasiz rejim joriy qilinishi tufayli yanada ko‘proq yaponiyaliklar O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishiga umid bildirdi. Uning fikricha, O‘zbekiston rahbariyatining bu kabi sa’y-harakatlari Toshkent bilan Tokio o‘rtasidagi strategik sheriklik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashning qo‘shimcha omili bo‘lib xizmat qiladi».

 

O‘zA