Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Urologiya va Onkologiya markazlari aprel oyida viloyatlarda bor-yo‘g‘i 5 tadan, Akusherlik va ginekologiya markazi esa 15 ta yuqori texnologik operatsiya o‘tkazishni reja qilgan.

Yoki, Ko‘z mikroxirurgiyasi markazi xodimlari har oyda joyiga chiqib 50 tadan operatsiya o‘tkazgani bilan, aprelda hududga borganda atigi 3 nafar mutaxassisning malakasini oshirmoqchi.

–Barcha markazlar rahbarlarini qat’iy ogohlantiraman. Agar o‘zi boshchiligida joylarga chiqib, yangi davolash amaliyotlarini o‘tkazmasa,  yuqori texnologik operatsiyalarni hududlarda joriy etmasa, viloyat va tuman mutaxassislarini bunga o‘rgatmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi. Odamlarimiz sarson bo‘lib, poytaxtga kelaveradi,– dedi Prezident.

Shu bois, aprel markazlar rahbarlari uchun chinakam sinov oyi bo‘lishi, masalaning mohiyatiga kirib, o‘z ish faoliyatini o‘zgartirmagan rahbarlarga qat’iy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tildi.