Yevropa koronavirusning ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrishi kerakmi?

Yevroittifoq mamlakatlari hukumatlari karantin choralarini yumshatishni boshlashyapti. Ayni chogʻda fuqarolarini koronavirus bilan kurashish hali yakuniga yetmagani haqida qatʼiy ogohlantirmoqdalar ham.
Gap shundaki, kasallanish bilan bogʻliq yangi holatlar va qurbonlar sonining kamayishi odamlar hushyorligini pasaytirib yuborishi mumkin. Boz ustiga iliq havoning kirib kelishi bilan ijtimoiy masofani saqlash va gigiyena qoidalariga rioya etish holatlari kamayishi kuzatiladi.
Ekspertlar bundan oldingi pandemiyalarni oʻrganib chiqishganidan soʻng ishonch bilan shunday xulosaga kelishdi: koronavirus “bosqini” yana takrorlanadi.
“YEIga aʼzo davlatlar mavjud epidemiologik nazorat tizimini yaxshilagan holda infeksiyaning yuz berishi mumkin boʻlgan ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrishlari shart, — dedi Yevrokomissiya vakili Stefan de Keyersmeker. — Komissiya Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi bilan yaqindan hamkorlikda xatarning takroriy koʻpayishi haqida xabardor qilish kanallarini yaratmoqda. Ular fuqarolarning garchi dastlabki toʻlqin muvaffaqiyatli yengib oʻtilgan boʻlsa-da, yangilari yuzaga kelishi ehtimoli haqida samarali ogohlantirish imkonini beradi”.
Yevroparlamentning ayrim aʼzolari ham milliy hukumatlarga shu kabi masalalarni butun YEI miqyosida koʻrib chiqish uchun taqdim etishni taklif etyapti.
“Har bir mamlakat agar roʻy bersa, ikkinchi toʻlqinga tayyor turishi kerak. Oʻylashimcha, koronainqiroz Ittifoq ichida sogʻliqni saqlash siyosati sohasida hamkorlikni kuchaytirish zarur ekanligini koʻrsatib qoʻydi”, — deya taʼkidlab oʻtdi shvetsiyalik siyosatchi Yutte Guteland.
Germaniyaning Paul Erlix nomidagi tadqiqotlar instituti rahbarining aytishicha, har bir mamlakatda Covid-19 bilan bogʻliq jiddiy kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar uchun shifoxonalarda joylar va intensiv terapiya boʻlinmalari yetarli darajada tayyorlanib qoʻyishi lozim.
Kezi kelganda, aytish joiz, mazkur mamlakatda har 100 ming inson orasida virusga chalinish bilan bogʻliq yangi holatlarning favqulodda chegarasi 50 ta qilib belgilangan. Agar bu miqdor oshadigan boʻlsa, kurash choralari koʻpaytiriladi, kuchaytiriladi.
“Biz ikkinchi toʻlqinni toʻxtatib turishimiz va davolash metodlarini izlash uchun vaqtdan yutishimiz kerak. Institutimizda biotibbiyot sohasida ilmiy maslahatlashuvlar olib boramiz va shu yoʻl bilan jamoatchilik sogʻligʻi manfaatlari yoʻlida vaksina yaratilishini tezlashtirishga hissa qoʻshmoqdamiz. Bularning barchasi uzoq istiqbolda bizga yordam beradi”, — deya taʼkidlab oʻtdi doktor Klaus Chichutek.
Olimlar karantin choralari qayta joriy etilishiga tayyor turishlari shart ekanligi, zero, ikkinchi marta ular yana-da ogʻriqli kechishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
“Hukumatlar bu boradagi qadamlarni hozirdan tashlashlari lozim. Bu yuqishlar darajasi bilan bogʻliq. Agar yuqish holatlari sezilarli darajada koʻpaysa, karantin yana qayta joriy etiladi. Hatto virus butunlay yoʻq boʻlib ketsa ham, xotirjamlikka berilish kerak emas. Yoki bizda davolash hamda vaksina qilishning eng yaxshi uslublari yaratiladi. Har qanday vaziyatda bular juda uzoq vaqtga choʻziladi” , — deya xulosa qiladi u.

OʻzA