“Uchgan yulduz” esdaligi yoki 40 yil oʻgʻlini kutgan ona

Moʻynoqning asosiy tashrif qogʻozi, bu albatta, kemalar qabristoni joylashgan eski kema portidir. Urush yillarida ushbu portga Oʻzbekistonning barcha joylaridan askarlar Amudaryo orqali kelib, shu yerdan dengiz kemalariga chiqib, Qozogʻistonning Orol shahriga borgan, nariyogʻiga frontga poyezdlarda va boshqa transportlarda olib ketilgan.
Ushbu eski portda uchi osmonga qarab turgan esdalik mavjud. Hozirda ushbu esdalikka dengiz va portni eslatuvchi yodgorlik sifatida qaraladi, lekin u avval Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan askarlar xotirasiga bagʻishlab qurilgan va “Uchgan yulduz” deb nomlangan.
Ushbu yodgorlikning qurilishiga sabab boʻlgan gʻoyat taʼsirli voqeani moʻynoqliklar juda yaxshi eslashadi. Bu voqea quyidagicha:
1941-yilda urush boshlanib Moʻynoqda bir uydan ota va yolgʻiz oʻgʻli frontga chaqiriladi. Uyda Oqsari ismli ona yolgʻiz qoladi. Koʻp oʻtmay frontdan otaning vafot etganligi haqida qora xat keladi. Lekin oʻgʻli shu ketgandan moʻl ketadi. Koʻrdim-bildim degan kishi boʻlmaydi.
Urush tugaydi. Frontga ketganlardan kimdir nogiron, kimdir sogʻlom qayta boshlaydi. Qaytmaganlarning esa urushda biron joyda halok boʻlganligi haqidagi xabarlari chiqib turadi. Lekin, Oqsari onaning oʻgʻlidan darak boʻlmaydi.
Ona har kuni pochta kutadi, har kuni kelayotgan kemani kutib olishga chiqadi. Lekin, yolgʻiz oʻgʻlidan xabar yoʻq. Ona urush tugagan yildan boshlab har kuni ushbu portga kelib, soatlab farzandi otlangan yoʻlga telmurib oʻtirishni odatga aylantiradi. Oradan yillar oʻtadi.
70-yillar oʻrtalariga kelib dengiz tortilib keta boshlaydi va portning joyini oʻzgartirish kerak boʻladi. 30 yildan ortiq vaqt bolasini shu joyda kutib kelayotgan ona “portni koʻchirmang” deb dod-faryod soladi.
“Mening bolam urushga shu yoʻldan ketgan. Kelsa endi shu yoʻldan keladi”, — deb portni koʻchirmoqchi boʻlganlarga zor yigʻlaydi.
“Opa, endi dengiz boʻlmaydi. Kemalar qatnamaydi. Bolangiz keladigan boʻlsa mashinada yoki samolyotda keladi, lekin dengiz yoʻli bilan emas”, — deydi ular.
“Yoʻq, tushunmayapsiz. Mening bolam hali yosh. U oʻz uyini faqat shu yoʻl orqaligina topa oladi. U Moʻynoqdan boshqa yerni bilmaydi, faqat dengizga chiqib koʻrgan, xolos. Kelsa, dengiz yoʻli bilan keladi. Yoʻqsa u uyni qanday topadi?…”
– Men 1978-yili Olmatiga oʻqishga ketayotgan paytimda Oqsari onaning shu portga borayotganini oxirgi marta koʻrdim. 83 yilda oʻqishni tugatib keldim, lekin keyin u kishini koʻrmadim, — deb eslaydi moʻynoqlik Xanimoy opa.
– Moʻynoq tumani raykomining ikkinchi sekretari lavozimida 28 yil ishlagan Abdikerim Tleuov degan kishi 40 yil oʻgʻlini kutgan onaning taqdiridan gʻoyat taʼsirlanib, urushga ketib halok boʻlgan askarlar xotirasiga bagʻishlab “Uchgan yulduz” esdaligini yaratish gʻoyasini ilgari surgan edi, — deydi ekskursovod-olim Oktyabr Dospanov.
Ushbu esdalikda avval 1941-1945 yozuvi boʻlib, uchida besh yulduz boʻlgan. Hozirda esdalik qayta taʼmirdan chiqarildi.
“Kemalar qabristoni” aynan shu yerda joylashgan. 12 dona eski kemalar bir vaqtlarda bu joyda dengiz boʻlganligidan darak beradi.
2000-yillarning boshigacha dengizning qurigan maydonlarida 300ga yaqin kemalar qolib ketgan edi. Ularni shu vaqtlari metallolom uchun kesib-kesib davlatga topshirishdi.
Hozirda qolgan 12 dona eski kemani ham yoʻq qilib yuborish gʻoyasi mutasaddi rahbarlar tomonidan vaqti-vaqti koʻtarilib kelinmoqda. Negaki, shu kemalar Qoraqalpogʻistonning imijiga salbiy taʼsir koʻrsatar emish. Yaqinda Moʻynoq boʻyicha oʻtkazilgan bir yigʻilishda yuqori lavozimdagi bitta amaldorning shu taklifni yana bir bora koʻtargani meni ham hayron qoldirdi. Axir, sayyohlar shu manzarani koʻrish uchun Moʻynoqqa kelyapti. Agar, kemalarni yoʻq qilib yuborsa, shundan soʻng gap-soʻz koʻpaymaydimi? Oʻzi Moʻynoqda turizmni rivojlantirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilingan boʻlsa.
2010-yilda Moʻynoqqa BMTning Bosh kotibi Pan Gi Mun keladigan boʻladi. Qizgin tayyorgarlik boshlanadi. Shunda haligi 12 ta kemani nari sudrash, beri sudrash boʻyicha topshiriqlar joniga tekkan bitta amaldor “shu kemalarni ham vaqtida metallolomga berib yuborish kerak edi. Boshga bitgan balo boʻldi-ku” degan ekan.
Moʻynoqda yaqinda “Motamsaro ona” haykali qurilib bitkazildi. Bizningcha, Oqsari ona timsolida ham bitta esdalik oʻrnatsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Axir, Oqsari ona kabi yurtimizda qanchadan qancha onalar boʻlgan, deysiz.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA