Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Ab-u Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida “Buyuk mutafakkir va shoir Maxtumquliga ehtirom aylab” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar turkman xalqining ulug‘ farzandi, atoqli shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iyning hayoti va ijodi, uning jahon adabiyoti va madaniyati tarixida tutgan o‘rni haqida so‘zlashdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 19-fevraldagi “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shoir tavalludining 300-yilligini munosib nishonlash yuzasidan Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Talabalar tomonidan shoir hayoti va ijodidan, asarlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari,  turli mavzulardagi she’rlari va hikmatli so‘zlaridan parchalar ijro etilib, uning buyuk insonparvarlik tarbiyasi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri