Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, taksi xizmatlari sohasini legallashtirish, rasmiy ish bilan band bo‘lmagan shaxslar faoliyatlarini qonuniylashtirgan holda daromadlarini va bu bozordagi aylanmalar hisobini yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar yil so‘nggiga borib o‘zining ilk samarasini berdi. O‘zbekistondagi eng ommalashgan Yandex Go xizmati 2023-yil dekabrdan faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylandi.

Bugungi kunda bozorning eng katta ishtirokchilari Soliq qo‘mitasi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Natijada ushbu agregatorlar orqali amalga oshirilgan taksi xizmatlari uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratildi.

Qayd etish joizki, yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni rasmiy daromad manbai shakllanib, iqtisodiy harakatlarda daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisobga olina boshlandi.

Shuningdek, o‘tgan yil dekabr oyida onlayn-taksi agregatorlari orqali 4,4 mln. tashuvlar amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish faoliyati 80,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan amalga oshirilgan. Joriy yil yanvar oyida qatnovlar soni 5 millionga yetdi. Tashish xizmatlari 113,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatildi.

Fevral oyida bu raqamlar yanada o‘sdi. Joriy yil 1-mart holatiga o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar tomonidan jami ko‘rsatilgan xizmatlar soni 18,3 milliondan oshdi. Shundan 8,9 milliontasi fevral oyiga to‘g‘ri keladi. Eng yuqori aylanmaga ega shaxslar soni 8 446 ta bo‘lib, bitta haydovchiga o‘rtacha 8,5 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan.

Naqd va naqdsiz hisob-kitoblarda to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida dekabr- fevral oylarida 9,7 mlrd. so‘m byudjetga soliqlar to‘landi.

Bundan tashqari, bu yo‘nalishda yechimini kutayotgan va oxiriga yetkazilishi kerak bo‘lgan yana bir qator masalalar turibdi. Xususan, poytaxtda va hududlarda faoliyat yuritayotgan barcha mahalliy va xorijiy onlayn-agregatorlar tizimlarni integratsiya qilish, qisqa raqamlar orqali yo‘lovchi tashish bilan rasman ro‘yxatdan o‘tib yoki o‘tmasdan, qonunchilik talablarga to‘liq javob bermaydigan yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatlarini qonuniylashtirish, lozim holatlarda ulardan takliflar olinib, faoliyatlarini qonuniylashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar loyihasi tayyorlash masalalari turibdi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA