Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish doirasida Markaziy Osiyo xalqaro institutida Koreya jamg‘armasi vitse-prezidenti, “Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Chon Kuk Ri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2017-yil Koreya jamg‘armasi qoshida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Koreya” hamkorlik forumi kotibiyatining maqsadi Forum doirasida tizimli ravishda loyihalar amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash orqali tomonlar hamkorligini mustahkamlashdan iborat.

Uchrashuvda MOXI va Kotibiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi, “MO+” formati doirasidagi hamkorlik istiqboli belgilab olindi.

Chon Kuk Ri O‘zbekistonning mintaqa va Koreya sherikligini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish rejasi bilan tanishtirdi.

O‘zaro muloqot va sheriklik uchun qo‘shimcha maydonga aylanadigan bo‘lajak Koreya – Markaziy Osiyo tahlil markazlari forumi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mehmon MOXI va Kotibiyatning mintaqa hamda Koreya manfaatiga mos keladigan umumiy maqsadi, vazifasi mavjudligini ta’kidladi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayishiga umid bildirdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA