Yoshlar forumi doirasida Senatda “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.

Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, yosh deputatlar, faol yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi. Tadbirda mingdan ortiq yoshlar (onlayn va oflayn shaklida) qamrab olindi.

Muloqot davomida Senat Raisi Tanzila Norboyeva yoshlarga oid davlat siyosati bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Keyingi yillarda yoshlar siyosatiga doir yuzdan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Yoshlarning huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asosi takomillashtirildi.

– Ushbu islohotlar Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi tom ma’noda davlat siyosatiga aylanganidan dalolat beradi, – dedi T.Norboyeva. – Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq bo‘lib, jami aholining 60 foizga yaqinini tashkil qiladi. Bu kabi ko‘rsatkich har qanday rivojlangan va rivojlanayotgan davlat uchun beqiyos boylik manbai hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha yo‘nalishlar, jumladan, ta’lim, tadbirkorlik, ijtimoiy ko‘mak va boshqa sohalarda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi yangi darajaga olib chiqildi.

Oliy ta’lim qamrovi keyingi 6 yilda 4 barobarga oshdi (9 foizdan 38 foizga). 151 ming talabaga 1,7 trillion so‘m imtiyozli ta’lim krediti berildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim – “Yoshlar daftari” joriy etildi. Shu yilning o‘zida 282 ming yoshlarga 416 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Respublika bo‘yicha yoshlarning 124 ming nafari kasb-hunarga, 133,8 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitildi.

Yoshlar tadbirkorligini kreditlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, 253 ming 789 nafar o‘g‘il-qizga 6,2 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Ushbu amaliy ishlar natijasida 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar 8 barobarga ko‘payib, ularning soni 750 mingdan oshdi. Yoshlarimiz ham yaratilgan mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamiyatda o‘zini to‘la namoyon etmoqda.

Mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan iste’dodli, fidoyi yoshlarning 758 nafari turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Senat Raisi muloqot davomida yoshlarning ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi lozimligiga to‘xtaldi.

Xususan, mahalliy kengashlar va parlamentda ko‘rib chiqilayotgan qonunlar bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, yoshlar o‘zlarining muhim masalalari yuzasidan fikrlari, g‘oyalari va takliflarini Yoshlar parlamentidagi vakillari orqali Senatga va uning qo‘mitalariga yetkazib borishlari zarur. Yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan aloqalar o‘rnatish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, yosh deputatlar salmog‘ini oshirib borish maqsadga muvofiq.

Muloqotda tadbir ishtirokchilar so‘zga chiqib, samarali ishlar hamda uning yoshlar hayotidagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Senat bilan o‘zaro hamkorlik olib borish hamda doimiy aloqada bo‘lish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

N.Abduraimova, O‘zA