Xitoydagi Shensi provinsiyasining “Shaanxi Radio and Television Integrated Media Group” kompaniyasi Buxoroda “Yulduzli osmon afsonasi” ko‘rsatuvini suratga oldi.

Tok-shouning asosiy mavzusi “Choy va Buyuk ipak yo‘li”. “Bir piyola choy ustida” janridagi ko‘rsatuv Buxoroning Poyi Kalon ansamblida suratga olindi. Bunga sabab, ushbu me’moriy ansambl – Shanxay Hamkorlik Tashkilotining “Sakkizinchi mo‘’jizasi” deb tan olingan.

Ma’lumot uchun: Buxoroning bosh Registon maydonidagi Poyi Kalon me’moriy ansambli SHHTning “Sakkiz mo‘’jizasi” ro‘yxatiga kiritilgan.

Majmua XII-XVI asrlarda qurilgan va ikkita madrasa – Mir Arab va Amir Olimxon, Kalon minorasi va shu nomdagi masjiddan iborat.

Xitoy telekanallarida efirga uzatiladigan ushbu ko‘rsatuv Buxoroga xitoylik sayyohlar oqimining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri