Fransiya parlamenti harbiy rejalashtirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Hujjatda harbiy xarajatlar uchun 2024 yildan to 2030 yilgacha 413 milliard yevro ajratish ko‘zda tutilgan. Hujjatni ma’qullash bo‘yicha yakuniy ovoz berish payshanba kuni mamlakat senatida bo‘lib o‘tdi.

Hujjat 2030 yilgacha o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish uchun 16 milliard yevro, uchuvchisiz o‘zi uchar qurilmalar xarid qilish uchun 5 milliard yevro hamda razvedka faoliyati uchun 5 milliard yevro ajratilishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, qonunda Rafale qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish dasturini uzaytirish ham ta’kidlangan. 2027 yildan boshlab keyingi uch yil davomida 42 ta jangovar samolyot ishlab chiqariladi. Hukumat ushbu davr mobaynida 238 ta Jaguar jangovar razvedka mashinalarini ishlab chiqarishni hamda Griffon zirhli texnikalar sonini 1 ming 437 tagacha yetkazishni taklif etgan.

Bundan tashqari, qonunda shaxsiy tarkib soni yaqin yetti yilda 275 ming kishiga yetkazilishi belgilangan. Hujjat matnida armiyani modernizatsiyalash, harbiy-kosmik kuchlarini rivojlantirish, innovatsiya, kiberxavfsizlikni va axborot texnologiyalarini kuchaytirishga ham mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.