So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli noxush voqealar, o‘z joniga qasd qilish yoxud kimnidir o‘ldirib qo‘yish kabilar haqidagi xabarlar ko‘payib, shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari sodir bo‘layotgani oilalar parokandaligi, farzandlar yetim bo‘lib qolishiga olib kelmoqda.

Eng avvalo, inson nomiga nomunosib bo‘lgan bu kabi voqealarning sodir etilayotgani o‘ta achinarli bo‘lsa, ikkinchidan, ularning keng tarqatilayotgani yana bir muammo. Ya’ni, vahshiylarcha sodir etilayotgan hodisalarni kunda-kunora eshitish, o‘qish, video va rasmlarini ko‘rish orqali odamlarda ko‘nikish hissi hosil bo‘ladi, bora-bora diyda qotadi. Bu esa bunday voqealarning yanada urchishiga olib keladi.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova o‘z takliflarini bildirib, quyidagilarni ta’kidladi:

— Yomon xabarlar tez tarqalishi bir muammo bo‘lsa, undagi illatlar yana shunday tezlikda ommalashib borishi undan-da og‘ir muammo. Afsuski, keyingi vaqtlarda o‘z joniga qasd qilgan ayol haqidagi xabarlar tez-tez uchrab turibdi. Yuqumlilik xususiyatiga ega illatlar odamlarimizning diydasi qotishi, go‘yoki bunday vaziyatlar kundalik hayotimizda uchrashi odatiy holdek qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Masalan, ko‘pincha ayollarning o‘z joniga qasd qilish holati haqida eshitamiz. Bu kabi holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan batafsil o‘rganilishi, agar haqiqatan ham o‘z joniga suiqasd qilingani tasdig‘ini topsa, bunga jim qarab turmasligimiz kerak. Shu darajada bir-birimizga nisbatan befarqmizki, yonimizdagi tirik insonning tushkunlikka tushganigayam, uning ichi to‘la dard ekanligigayam panja ortidan qaraymiz.

Bu borada birgina Yaponiyada ko‘ngillilar tomonidan tushkun kayfiyatdagi insonlarga ruhiy, ma’naviy yordam ko‘rsatadigan tashkilotlar haqida ma’lumot beruvchi targ‘ibot qo‘llanmalarini tarqatish amaliyoti ommalashgan. O‘zbekistonda xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyat yuritishi haqida esa 10 tadan bitta ayol ham bilmasa kerak!

Demak, ma’nan, ruhan va jismonan qiynalgan ayollarga manzilli yordamni yanada yaqinlashtirish vaqti keldi. Hozir ayollarga o‘zini sevishga o‘rgatadigan turli xil onlayn yoki oflayn kurslar ko‘p. Psixolog va mutaxassislar ishtirokida ayollarning dardiga malham bo‘la oladigan pulli darslar talaygina. Hayotni boricha sevishga, vaziyatlarga boshqacha nazar solishga o‘rgatadigan bunday kurslarning narxini hamyonbop deb aytolmaymiz.

Taklifim — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamda malakali psixologlar hamkorligida “ko‘chma psixologik maslahatxona” tashkil qilinsa, navbati bilan respublikamizning chekka hududlarida, mahallalarda depressiyaga tushishga moyil opa-singillarimizga manzilli yordam ko‘rsatishsa, yaxshi bo‘lardi. “Foydasi bo‘lmaydi”, “suiqasdlarning oldini olib bo‘lmaydi”, “odamning ichki olamini uning o‘zidan boshqa hech kim o‘zgartira olmaydi” deb qo‘l qovishtirib o‘tirsak, yetim farzandlar soni ko‘payishiga tomoshabin bo‘lib turishimizga to‘g‘ri keladi, — deydi deputat.

Darhaqiqat, jamiyatdagi katta-kichik har bir muammo shu jamiyatdagi barcha insonni qiziqtirishi, o‘ylantirishi, unga qarshi chora izlashga chorlashi lozim. Befarqlik, e’tiborsizlik, loqaydlik esa muammolarning ildiz otishiga olib keladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA