Rassom sifatida Alvina Shpadi asarlarida qoraqalpoq xalqining yashash tarzi va milliy anʼanalarini oʻziga xos rakurs va boʻyoqlar jilvasida mahorat bilan aks ettirgan. Koʻrgazmada ana shunday bebaho asarlar qatorida u chizgan eskizlar boʻyicha toʻqilgan gilam va kashtachilik buyumlari ham oʻrin oldi.
Ayniqsa, ijodkor tomonidan yaratilgan “Hayot daraxti” nomli soʻzanasi hech kimni befarq qoldirmaydi. Butun borliq, inson, tabiat, oʻsimliklar, hayvonot olamining bir-biriga uzviy bogʻliqligiga ishora qiluvchi ajoyib manzara katta oʻlchamdagi gazlamaga mohirona muhrlangan.
Alvina Shpadi tavalludining 85 yilligiga bagʻishlangan koʻrgazma fidoiy ijodkor hayot yoʻlini keng jamoatchilikka, xususan, yoshlarga yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.