Tibbiyot xodimlari sharaflandi

Mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida bayram qilinadi.
Bu yilgi bayram tadbiri poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida oʻzgacha koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Bunga haqli sabablar bor.
Prezidentimizning mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan buyuk neʼmat. Faqat sogʻlom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir boʻladi.
Sh maʼnoda, mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilmoqda.
Xalqimizga koʻrsatilayotgan tibbiy-profilaktika, patronaj yordamini yanada yaxshilash, tez va shoshilinch tibbiy yordam hamda ixtisoslashgan tibbiy yordam sifatini oshirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan taʼminlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish borasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi uch yil ichida sogʻliqni saqlash sohasini isloh etish boʻyicha 170 dan ziyod huquqiy hujjat qabul qilindi.
Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimiz tibbiyoti taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Farmon bilan 2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Bugungi kunda sohani moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirildi. 2017-yilda sohaga 7,1 trillion soʻm, 2019-yilda esa 12,1 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda tibbiyot obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlariga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori 3 barobarga ortdi.
Mamlakatimizda profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga eʼtibor tobora kuchaymoqda. Ayni paytda xalqimizga bu yoʻnalishda 1793 ambulatoriya-poliklinika muassasasi, jumladan, 817 qishloq vrachlik punkti, 798 qishloq oilaviy poliklinikasi, 178 shahar oilaviy poliklinikasi xizmat koʻrsatmoqda.
Tibbiyotning birlamchi tizimini maqbullashtirish ishlari natijasida 798 qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil qilinib, ularda ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, tez yordam shoxobchalari va ijtimoiy dorixonalar, 5 ta tor soha mutaxassislari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Aholi eng koʻp murojaat qiladigan soha – shoshilinch va tez yordam xizmatining faoliyati ham keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Tez yordamning maxsus sanitar avtotransport parki yangilandi. Tizimda ikki yarim mingga yaqin “Nissan”, “Hunday”, “Toyota” rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Yangi xarid qilingan 281 reanimobil 4,1 million AQSH dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan toʻliq jihozlandi. 2019-yilda yana 150 tibbiy asbob-uskunalar va aloqa vositalari bilan toʻliq jihozlangan “FORD” rusumidagi reanimobil xarid qilindi.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada soʻnggi uch yilda qoʻshimcha allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insult, travmatologiya va ortopediya hamda neyroxirurgiya kabi qator yoʻnalishlarda tibbiyot markazlari faoliyati tashkil etilishi hisobiga aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatayotgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetdi. Hududlarda 310 ixtisoslashgan boʻlim, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 14 filiali tashkil qilindi.
Tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda qoʻllanilayotgan ilgʻor innovatsion tibbiy texnologiyalarni mamlakatimiz tibbiyotida joriy etishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Gap shu haqda ketganida akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazish boʻyicha eng murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotganini alohida taʼkidlash joiz. Shuningdek, Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot instituti olimlari jahon tibbiyotining ilgʻor yoʻnalishi – oʻzak hujayra transplantatsiyasini oʻzlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻydi. Kardiojarrohlik sohasidagi zamonaviy operatsiyalar bugun nafaqat poytaxtimizda, balki Namangan, Xorazm, Fargʻona, Buxoro, Qashqadaryo va boshqa viloyatlar davolash muassasalarida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilayapti.
Homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan oʻtkazish orqali ularda tugʻma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hududlarimizda bolalar davolash muassasalarida oldinlari mavjud boʻlmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi koʻplab yangi boʻlimlar tashkil etilib, murakkab amaliyotlar oʻtkazilmoqda.
Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida mutaxassislarimizning malakasini oshirish orqali eng kam vaznli goʻdaklarni ham parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu kabi oʻzgarishlar bois yurtimizda ayollar salomatligini mustahkamlashga, onalar va goʻdaklar oʻlimi keskin kamayishiga erishilmoqda.
Oʻtgan qisqa vaqt oraligʻida 1300 dan ortiq davolash muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilgani va birgina 2019-yilning oʻzida tibbiyot maskanlari 100 million dollar miqdoridagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani, xalqimiz salomatligi yoʻlida qilingan ishlarning mezon va keng koʻlamini koʻrsatib turibdi.
Yurtimizda xususiy tibbiyot rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bugunga kelib bu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan shifoxonalar soni 5300 dan oshdi. Mamlakatimizda Rossiya, AQSH, Germaniya, Hindiston, Turkiya kabi qator xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq zamonaviy klinikalari tashkil etildi.
Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar jarayonida tibbiy taʼlim rivojiga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Hozirda mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun 7 oliy tibbiy taʼlim muassasasi va ularning 4 filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2017-yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali ochilishi, Fargʻona filialida qabulning tiklanishi hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
Tibbiyot ilm-fani, tibbiy-ilmiy markazlarning xorijdagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan aloqalari ham jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida mamlakatimiz tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy taʼlim muassasalari hamkorligida 22 xalqaro fakultet ochildi.
Taʼkidlanganidek, xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlashga qaratilgan sohadagi bu kabi ulkan islohotlar jarayoni kelgusida ham izchil davom etadi.
Bayram munosabati bilan davlatimiz rahbarining soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni asosida fidoyi tibbiyot xodimlari davlatimizning yuksak unvonlari bilan taqdirlandi.
Tadbirda ana shu mukofotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva tantanali topshirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Shodmonov hamkasblarini bayram bilan tabrikladi.
Taniqli sanʼatkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.

 

Mohigul QOSIMOVA, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA