Teleshouda avtomobil yutgan fuqaro mukofotni ololmay sarson bo‘ldi

“Kafil shou” o‘ynab, “Tracker” avtomashinasini yutib olgan fuqaro yutug‘ini ololmagach, Prezident portaliga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yutuqli o‘yinlarda ishtirok etib, mukofotini ololmagan fuqaroga yutug‘i olib berilgan.
Fuqaro Sh Abrorov Joriy yilning 23 iyul sanasida “Mahalla” telekanalida sug‘urta kompaniyasining “Kafil shou” ko‘rsatuvida ishtirok etib, “Tracker” avtomashinasini yutib olsa-da, kompaniya mukofotni berishda shoshilmayotganidan norozi bo‘lgan.
Fuqaroning norozilik murojaati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoni orqali Iste’molchilar huquqini himoya qilish federatsiyasiga yo‘naltirilgan.
Federatsiya murojaatni “Kafil sug‘urta” kompaniyasiga borib o‘rgangan hamda fuqaroga “Tracker” avtomashinasi tez orada olib berilgan. Federatsiya vakillar ana shunday holatlarda fuqarolarga o‘z huquqlarini himoya qilishga chorlamoqda.

 

O‘zA