O‘zbekiston 2020 yilda MDHda raislik qiladi

Ashxobod, 11 oktabr. O‘zA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi Sammiti bo‘lib o‘tdi. 
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim Jo‘mart Toqaev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
98856b57-e194-2ffb-4f98-45152e6700ce.jpg
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim hamda 1991 yil 21 dekabrdagi mazkur bitimga protokol asosida tashkil qilingan. Ijroiya qo‘mita MDHning ijro etuvchi, ma’muriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.
Sammitda nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoev Hamdo‘stlik doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi hamda sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi O‘zbekiston uchun, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, turli tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xavfsizlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish jihatidan manfaatlidir. So‘nggi yillarda mamlakatimizning ushbu tashkilotdagi ishtiroki ancha faollashdi. Joriy yili yurtimizda MDHning ko‘plab tadbirlari o‘tkazildi.
b481d18f-e015-402a-f2fc-c7c7b602d6b0.jpg
Uchrashuvda 2020 yilda MDHda raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi to‘g‘risidagi qaror barcha tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

 

O’zA