Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilganlarga jazo muqarrar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 9-oktyabr kuni oʻtkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy hamda xalqaro hayotiga doir bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining biologik xilma-xillik haqidagi Konvensiyaning bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxen protokoliga qoʻshilishi toʻgʻrisida (Monreal, 2000-yil 29-yanvar)”gi qonuni loyihasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda biologik xilma-xillikni saqlab qolish va undan barqaror foydalanish ekologik sohadagi siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Boisi, tabiiy ekotizimlar va ulardan foydalanish, yaʼni chorvachilik, sugʻoriladigan dehqonchilik, oʻrmonchilik, baliqchilik, rekreatsiya, turizm va boshqalarga daxldor iqtisodiyot tarmoqlari bioxilma-xillik bilan bevosita aloqador.
Oʻzbekiston Respublikasi 1995-yil 6-mayda qoʻshilgan Biologik xilma-xillik haqidagi Konvensiyaning asosiy maqsadi esa, biologik xilma-xillikni saqlab qolish, uning komponentlaridan barqaror foydalanish hamda tegishli texnologiyalar almashinish bilan bogʻliq foyda olishdir. Mazkur Konvensiyaning biologik xavfsizlik boʻyicha Kartaxen protokoli zamonaviy biotexnologiya mahsulotlarining davlat chegarasidan xavfsiz harakatlanishi, qayta ishlanishi va foydalanilishi uchun choralar tartibi toʻgʻrisidagi xalqaro kelishuv hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar ushbu Protokolga BMTga aʼzo 198 ta davlatdan 171 tasi hamda xalqaro tashkilot sifatida Yevropa Ittifoqi qoʻshilgan.
Deputatlarning fikricha, Protokolning qabul qilinishi atrof-muhitni muhofaza qilish vazifalarini hisobga olgan holda, geni modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) va ularning qayta ishlash mahsulotlaridan foydalanish masalalarini xalqaro tartibga solish uchun muhim qadam hisoblanadi. Ayni paytda atrof-muhitga va inson salomatligiga ehtimoliy xavfni minimallashtirish imkonini beradi. Shundan kelib chiqib, parlament aʼzolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi zamonaviy biotexnologiya mahsulotlaridan foydalanish olib kelishi mumkin boʻlgan xavfni bartaraf etishga, mahalliy mahsulotlar eksport nomenklaturasining kengaytirilishiga koʻmaklashishini qayd etdilar.
Shundan soʻng majlis kun tartibiga kiritilgan “Tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq kasbiy faoliyatini amalga oshirayotgan tibbiyot xodimlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq kasbiy faoliyatini amalga oshirayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilish holatlari koʻp uchramoqda. Ayniqsa, tez tibbiy yordam xodimlariga tajovuzlar soni koʻpaydi. 2017-2018-yillar davomida tibbiyot xodimlariga nisbatan qilingan 300 dan ortiq ana shunday tajovuzlar qayd etilgan boʻlib, qilingan hujumlar natijasida aksariyat hollarda ularning sogʻligʻiga oʻrta va ogʻir zarar yetkazilgan. Amaldagi qonun hujjatlarida faqat sogʻliqqa zarar yetkazgan shaxsni javobgarlikka tortish boʻyicha umumiy normalar belgilangan, xolos. Yaʼni tibbiyot xodimlariga nisbatan hujum qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi, shuningdek, oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlarini bemorlarning va ularning yaqin qarindoshlarining tajovuzidan himoya qiluvchi maxsus normalar mavjud emas. Shuning uchun aksariyat hollarda qilingan qonunbuzarlar jazosiz qolib ketmoqda va jinoyat uchun jazo muqarrarligidan iborat tamoyil oʻz maʼnosini yoʻqotmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi oʻz xizmat vazifasini olib borayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy va jinoiy javobgarlik muqarrarligini nazarda tutadi.
Deputatlarning qayd etishicha, insonlar sogʻligini va hayotini saqlashdek ogʻir, oʻta masʼuliyatli ishga bel bogʻlab, hatto yarim tunlari ham halovatidan kechib, tibbiy yordam koʻrsatishga shaylangan fidoyi kasb egalariga nisbatan tajovuzkorona munosabat, birinchi navbatda, bizning huquqiy demokratik davlatimiz prinsiplariga mutlaqo mos kelmaydi. Ikkinchidan, bu odamlarga yaxshilik qilish, ularga yordam berishga intilayotgan insonlar eʼzozlangan, ulugʻlangan qadriyatlarimizni oyoqosti qilish, odobsizlikning yaqqol namunasidir. Shu bois, salomatligimiz posbonlariga nisbatan tobora koʻpayib borayotgan bunday zoʻravonlik holatlariga befarq qarab boʻlmaydi.
Shundan kelib chiqib, parlament aʼzolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlarining muhofazasini kuchaytirishga, ular tomonidan aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun yangi sharoitlar yaratilishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Deputatlar yigʻilish kun tartibidan oʻrin olgan “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2111-moddasiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ham koʻrib chiqdilar.
Qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlangan ushbu loyiha isteʼmol bozorining barqarorligini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz “zanjiri”ni shakllantirishni nazarda tutadi. Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish maqsadida Soliq kodeksining 2111-moddasiga qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 20 foizdan 15 foizga pastaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, bu, oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini pasaytirishga hamda raqobatbardoshlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA