BMT Taraqqiyot Dasturi doimiy vakili Orolboʻyida

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ikki kunlik safar bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov delegatsiya aʼzolarini Orolboʻyiga tashrifi bilan qutlar ekan, Prezidentimiz tashabbusi bilan mintaqani iqtisodiy rivojlantirish, Orol fojiasidan aziyat chekkan hudud aholisi hayotini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Qabulda taʼkidlanganidek, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-2021-yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi qabul qilindi. Bugungi kunda dastur ijrosini taʼminlash doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan yilning noyabr oyida BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etildi. Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, Trast fondining tashkil qilingani “Jabrlangan mintaqa tarixida yangi sahifa“ boʻlib qoladi.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili qabul uchun minnatdorlik bildirdi va kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarga toʻxtaldi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida Oʻzbekiston hukumati, BMT Taraqqiyot Dasturi va YUNESKOning “Barqaror qishloq hududlarida rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal etish” qoʻshma loyihasi taqdimoti boʻldi.
Mazkur qoʻshma loyiha Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan birinchi loyiha boʻlib, uning byudjeti 1 milliard 463,9 ming AQSH dollariga teng.
Loyiha mintaqadagi Orol dengizi inqirozi natijasida yuzaga kelgan ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni yumshatishga qaratilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Moʻynoq va Chimboy tumanlarida aholi uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkonini yaratish, turmush darajasini oshirish va barqaror turizmni rivojlantirish masalalari shular jumlasidandir.
Loyiha doirasida 2231 nafar qishloq aholisiga toza ichimlik suvi yetkazib beriladi. Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzor barpo etish orqali iqlim oʻzgarishiga moslashishda ham koʻmaklashiladi. Loyihani amalga oshirish doirasida 70 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Fond faoliyatida ishtirok etuvchi tashkilotlar tomonidan umumiy qiymati 4,23 million AQSH dollarilik 5 ta loyiha taqdim etilgan edi. Oʻzbekiston hukumati, BMT tashkilotlari, donorlar – Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Yaponiya elchixonasi, mahalliy NNT vakillaridan iborat boshqaruv kengashi tomonidan loyiha takliflari oʻrganib chiqilgandan soʻng umumiy qiymati 3,085 million AQSH dollariga teng 2 ta loyiha tasdiqlanadi. Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donorlik hamjamiyati mablagʻlarini safarbar etish orqali ekologik, iqtisodiy, oziq-ovqat, ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash, aholi salomatligini yaxshilash uchun noyob yagona platforma hisoblanadi.
– Orolboʻyi mintaqasiga koʻmak koʻrsatish masalalari muhim ahamiyatga ega, shuning uchun ham ishtirokimizni kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettiramiz, – deydi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikka yangicha yondashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Orolboʻyi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish tashabbusiga asoslanadi. Shu nuqtayi nazardan, BMTTD mintaqada Barqaror Taraqqiyot maqsadlariga erishish uchun innovatsion yechimlarni amalga oshirish boʻyicha jahon tajribasini taklif etadi.
BMT Taraqqiyot Dasturining “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklari iqlimiy barqarorligini taʼminlash” loyihasi doirasida Taxtakoʻpir tumanidagi “Janadaryo yaylovi”, Boʻzatov tumanidagi “Erkindaryo yaylovi” hamda “Porlitov yaylovi” kooperativlariga yangi texnikalarni topshirish marosimi boʻldi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bugungi kungacha Qoraqalpogʻiston Respublikasida ana shunday 10 ta kooperativ tashkil etildi. Ulardagi qoramollar soni 2201 boshga koʻpaydi. Oʻtgan yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasiga 2 ta, yaylov kooperativlariga 8 ta yangi texnikalar topshirilgan edi.
Tashrif doirasida BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili rahbarligidagi delegatsiya Orolboʻyida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA