2019 yilning olti oyida qo‘mitaning 4 ta qarori qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 
Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi 2019 yilning birinchi yarim yilligida samarali faoliyat olib bordi.
Qo‘mita o‘tgan olti oy davomida davlat va jamiyat qurilishini boshqarish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatiga ko‘maklashish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida qonun ijodkorligi, bu sohada parlament nazoratini amalga oshirish, shuningdek, mamlakatda demokratik islohotlarni keng targ‘ib qilish yo‘nalishida katta natijalarga erishdi.
Qo‘mita qonun ijodkorligi samaradorligini oshirish, tayyorlanayotgan qonun loyihalari sifatini yaxshilash, ularni tayyorlashda mutaxassislar, olimlar, amaliyotchilar va keng jamoatchilik bilan muhokama qilishga alohida e’tibor qaratdi. Bundan tashqari, parlament, deputatlik so‘rovi, parlament eshituvlarini o‘tkazish, davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini kuchaytirish, xotin-qizlar, yoshlarning huquqlarini muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari va Davlat dasturlarining ijrosini nazorat qilish ishlari amalga oshirildi.
Qonunchilik palatasi faoliyatida ilk marotaba ushbu qo‘mita Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi bilan birgalikda Adliya va Ichki ishlar vazirliklarining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan tadbirlar bajarilishi yuzasidan hisoboti eshitildi.
2019 yilning birinchi yarim yilligida qo‘mitaning 4 ta qarori qabul qilindi hamda ma’lumot va ijro uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.
Qo‘mita a’zolari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida “Parlament nazorati: javobgarlikka tortish vositasi” mavzusida o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiyada xalqaro ekspertlar va xorijiy davlatlar parlamentlari vakillari tomonidan O‘zbekiston tajribasini o‘rganish zarurligi va O‘zbekistonda parlament nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlari yaratilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 41-sessiyasida “Parlamentlarning inson huquqlari bo‘yicha o‘zaro munosabati: eng yaxshi amaliyotlarni aniqlash – harakatlarning yangi imkoniyati” mavzusidagi seminarda qo‘mita raisi A.Saidov maxsus mehmon sifatida ishtirok etdi. Seminarda O‘zbekistonning Parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha yutuqlari, xususan, qo‘mitaning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi tajribasi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan maxsus huquqiy mexanizmlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Bu esa O‘zbekiston parlamenti tajribasi dunyo miqyosida e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

 

Xurshid QODIROV, O‘zA