Sadoqat va vafo kuychilariga ehtirom

Jizzax shahrida xalqimizning ardoqli farzandlari, ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, yozuvchi-shoirlar, Hamid Olimjon va Zulfiya avlodlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, adabiyotshunos I.G‘ofurov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki ardoqli shoir nomi bilan atalgan o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat, muzey milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, xalqimizning suyukli farzandlari xotirasiga ko‘rsatilgan alohida ehtirom ifodasi ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida ijodkor ziyolilarimiz, xususan, Hamid Olimjon va Zulfiya adabiy merosini keng targ‘ib qilish, yosh avlod ongida vatanvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, badiiy adabiyotga qiziqishini oshirish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish g‘oyasi ilgari surilgan edi. Bu borada o‘tgan vaqt mobaynida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz joriy yil 27 aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida adabiyotimizning ulkan namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, she’rlariga jo bo‘lgan ezgu tushunchalar mohiyatini yosh avlodga yetkazish lozimligini alohida ta’kidladi.

– Adabiyotimizga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasi sifatida xalqimizning ardoqli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya ijodiga, adabiy merosiga, ular shaxsiga bo‘lgan yuksak e’tibordan barchamiz minnatdormiz, – dedi “Yoshlik” jurnali bosh muharrriri Nodir Jonuzoq. – Bu xayrli ishlar adabiyotimizning qadri yuksak ekanidan, ijodkorlar mehnati zavol topmasligidan dalolat. O‘z navbatida, biz, ijodkorlar bundan yanada ilhomlanamiz, bor iste’dodimizni Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi amaliy ishlarga bag‘ishlaymiz.

Hamid Olimjon va Zulfiyaning ahil hayoti, bu ikki ulkan ijodkorning bir-biriga bo‘lgan sevgi va sadoqati bugungi kunda ham yoshlarimiz uchun har jihatdan ibratlidir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur majmuaning barpo etilishi butun xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi.

– Bugun o‘zbek adabiyotining katta bayrami. Ardoqli shoirlarimizning ruhlari hamisha uyg‘oq bo‘lgan bizning xonadonimizda ham shodiyona, – deydi Hamid Olimjonning nevarasi Lola Muhiddinova. – O‘z shoirlarini qadrlagan xalq – ulug‘dir, der edi Zulfiya ayamiz. Bugun barchamiz bu ikki ijodkorga xalq muhabbati, e’tirofi va ehtiromining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu qutlug‘ ishga bosh-qosh bo‘lgan Prezidentimizga oilamizning yoshi ulug‘lari, navqiron avlodlari nomidan minnatdorlik bildiramiz. Ishonamizki, bu yodgorlik majmuasi hamisha adabiyot ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ladi.

Turli qiyinchilik va mashaqqatlar, hijron azoblariga qaramasdan, og‘ir sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tgan, chinakam vafo va sadoqat namunasini ko‘rsatib, xalqimizga xos insoniylik, sabr-bardosh va mehr-oqibat fazilatlariga doimo amal qilib, bu tuyg‘ularni yuksak pardalarda tarannum etib yashagan ulug‘ ijodkorlarning bu go‘zal yodgorligi o‘zining chuqur hayotiy falsafasi va teran badiiy mazmuni bilan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz uchun sevgi va vafo, ezgulik va el-yurtga fidoiylik timsoli bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoni bilan mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Bu mukofot Zulfiyaxonimning ibratli hayot va ijod yo‘li asosida yurtimiz kelajagi bo‘lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat uchun 4 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Binoda keng va yorug‘ sinfxonalardan tashqari 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona, faollar zali hamda boshqa xonalar bor.

Iste’dodli haykaltaroshlar To‘lagan Tojixo‘jayev va To‘lagan Yorqulov tomonidan yaratilgan yodgorlik majmuasi bu yerga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizning ma’naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi.

Shu kuni yodgorlik poyi turfa gullarga burkandi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev ishtirok etdi.

Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

  07.11.2017, 09:43  |    679 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!