Aholiga munosib turmush sharoiti yaratish barcha rahbarlarning asosiy vazifasi boʻlishi kerak

Aholiga munosib turmush sharoiti yaratish barcha rahbarlarning asosiy vazifasi boʻlishi kerak

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 30-31 yanvar kunlari Jizzax viloyatida boʻldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Jizzax shahrida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat faollari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarni obod qilish boʻyicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratdi.

Xususan, oʻtgan yili mart oyidagi tashrif doirasida ishlab chiqilgan dasturga asosan Jizzax viloyatida 107 ta investitsiya loyihasi boʻyicha yangi obyektlar ishga tushirilgan.

Bugungi kundagi eng muhim vazifa – investitsiya va texnologiyalar olib kelib, yangi korxonalar tashkil etish, odamlarni ish bilan taʼminlash, turmush sharoitini yaxshilash, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2019-2020 yillarda viloyatda umumiy qiymati 21 trillion 956 milliard soʻm boʻlgan 586 investitsiya loyihasi dasturi ishlab chiqilgani, buning natijasida 22 ming 300 dan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgani qayd etildi. Forish tumanida bazalt tolasi va shamol energiyasi qurilmalari, Doʻstlik tumanida quyosh panellari, Zomin tumanida dori vositalari, Jizzax shahrida bezakli va yupqa oyna ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

Jumladan, 14,1 trillion soʻm yoki jami investitsiyalarning 64 foiziga teng boʻlgan 180 ta yirik sanoat loyihasini amalga oshirish Jizzax viloyatini “sanoat xabi”ga aylantirish borasidagi ishlarga kuchli turtki berishi taʼkidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 3 yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida 1 martdan viloyatda “Ilgʻor hudud” sinov loyihasini amalga oshirish boshlanadi.

Ushbu loyiha doirasida aholi daromadlarini oshirish va turmush sharoitini yaxshilash, qulay investitsiya muhiti yaratish va yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish choralari koʻriladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan topshiriq berdi.

Odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish barcha boʻgʻindagi rahbarlarning asosiy vazifasi boʻlishi zarur. Buning uchun barchamiz hamjihatlikda vijdonan ishlashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik, pillachilik tarmoqlarida mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Aholining maishiy sharoitlarini, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Mirzachoʻlda qilingan ishlar yaxshi tajriba, namuna boʻldi. Endi Jizzax viloyatining har bir tumani markazini shu tarzda obod qilish, zarur qurilish-taʼmirlash ishlarini shu yilning oʻzida yakunlash kerak, dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, joriy yilda Jizzax shahrida 15 ta koʻp qavatli arzon uy, tumanlarda 932 ta turar joy qurish vazifasi qoʻyildi. Zarafshon daryosidan suv olib kelish uchun magistral quvur va nasos stansiyasi qurilishini davom ettirish, 264 kilometr suv tarmogʻini qurish va taʼmirlash boʻyicha topshiriq berildi. Bu ishlar natijasida Zarbdor, Baxmal, Paxtakor, Mirzachoʻl, Doʻstlik, Gʻallaorol, Sharof Rashidov tumanlari aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi, ularning turmush tarzi, salomatligi yaxshilanishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda viloyatda ijtimoiy sohada koʻp yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf qilish choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi.

Viloyatda taʼlim-tarbiya sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2019 yilda 25 davlat maktabgacha taʼlim muassasasini rekonstruksiya qilish, xususiy bogʻchalar sonini koʻpaytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash boʻyicha 230 dan ziyod bepul guruh faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Buning natijasida joriy yilda viloyatda maktabgacha taʼlim qamrovi 32 foizdan 51 foizga yetadi. Shuningdek, viloyatda Janubiy Koreya va Germaniya tajribasi asosida 10 ta innovatsion bolalar bogʻchasi barpo etish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda viloyatdagi 150 dan ziyod maktabda oʻquvchilar soni meʼyorga nisbatan yuqoriligi, 29 maktab quvvatidan toʻliq foydalanilmayotgani, aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladigan maktablarga zarurat borligi qayd etildi. Mutasaddi tashkilotlarga bu boradagi muammolarni hal qilish vazifasi yuklandi.

Davlatimiz rahbari viloyatda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar haqida ham toʻxtaldi.

Joriy yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali, viloyat perinatal markazi, endokrinologiya, kardiologiya, teri-tanosil dispanserlari, Jizzax shahar tugʻruq kompleksi taʼmirlanadi. Aholi oʻrtasida koʻp kuzatilayotgan kasalliklar tahliliga koʻra, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari quriladi.

Faollar yigʻilishidan soʻng Prezidentimiz viloyat markazidagi Mirzo Ulugʻbek mahallasida boʻlib, shaharda qurilishi rejalashtirilayotgan uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi.

Jizzax shahrini obodonlashtirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng koʻlamli ishlar boshlangan. Shahar bosh rejasiga koʻra, Kimyogar, Ittifoq mahallalarida, Mustaqillik koʻchasida 5 va 7 qavatli uylar quriladi, ular atrofida savdo majmualari, klinika, mehmonxona va mahalla idoralari qad rostlaydi. Ayni paytda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Jizzaxda turizmni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat, qulay tabiiy sharoit mavjud. Sayyohlarda dastlabki taassurot esa shahar temir yoʻl vokzalidan boshlanishi tabiiy. Shu maqsadda Jizzax temir yoʻl vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi. Barcha zarur sharoit yaratilgan vokzaldan chiqishingiz bilan Mirzo Ulugʻbek mahallasi boshlanadi. Bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda.

Xususan, vokzal va Toshkent koʻchasini birlashtiruvchi hududda 894 xonadonga moʻljallangan 7 qavatli 13 ta uy qurilmoqda. Bu uylar yangi koʻcha boʻylab joylashadi, atrofi obodonlashtirilib, oʻziga xos chiroyli landshaft hosil qiladi.

Jizzax shahrida viloyat qoʻgʻirchoq teatri quriladi. 250 yosh tomoshabinga moʻljallangan mazkur maskan joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 12 milliard 700 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Davlatimiz rahbariga viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, shahar oqova suv tizimi tarmogʻini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.

Prezidentimiz aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash eng muhim masalalardan biri ekanini taʼkidladi. Rejadagi ishlarni tez va sifatli bajarish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Loyihalar taqdimotida avtomobil yoʻllari atrofini koʻkalamzorlashtirish, yoʻlboʻyi infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisida ham soʻz yuritildi. Yoʻllar boʻyiga qayragʻoch, klyon, eman, akatsiya, yapon saforasi, tut, terak, lola, kashtan, suriya atirguli, hind sireni, magnoliya kabi daraxt va gul koʻchatlari ekiladi.

Prezidentimiz Jizzax shahridagi 3-ichki ishlar boʻlimida ham boʻlib, bu yerda oʻtgan yili berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, tunu kun patrullik xizmati yoʻlga qoʻyilgani natijasida odamlarda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻldi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.

Jizzax shahridagi 3-ichki ishlar boʻlimida ham shunday zamonaviy tizim tashkil etildi. Boʻlim shahardagi Xayrobod, Madaniyat, Tinchlik, Sayxon, Obod, Kimyogar, Hamid Olimjon va Alisher Navoiy nomlaridagi mahallalarda yashovchi aholiga xizmat koʻrsatadi. Tezkor navbatchilik qismiga hududdagi maktab, bolalar bogʻchasi va boshqa obyektlarni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan.

Prezidentimiz jamoat xavfsizligini taʼminlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xodimlar masʼuliyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.

 

Ziyodulla Jonibekov, Umar Asrorov, Ulugʻbek Asrorov, OʻzA

  01.02.2019, 07:47  |    117 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!