Dunyoda turizmdan koʻrilayotgan foyda yiliga 1 trillion dollardan osharkan, bizdachi?

Maʼlumotlarga qaraganda, dunyo boʻyicha xalqaro turizmdan koʻrilayotgan foyda yiliga 1 trillion AQSH dollaridan koʻproqni tashkil qilar ekan. Sayohatga chiquvchilar soni esa 1 milliarddan oshiq va bu koʻrsatkich har yili koʻtarilib boryapti.
Turizm qisqa vaqt ichida eng tez rivojlanayotgan va serdaromad sohaga aylanib ulgurdi. Shu bois koʻplab mamlakatlar ushbu sohani yanada taraqqiy ettirish, tegishli infrastrukturani dunyo talablari darajasiga koʻtarishga harakat qilmoqda. Buyuk Ipak yoʻlining markazlaridan birida joylashgan va tarixiy obidalarining koʻpligi jihatidan dunyoda yetakchi oʻrinlarda turadigan, eng eʼtiborlisi, xalqaro sayyohlik tashkilotlari tomonidan “Ochiq osmon ostidagi muzey” deya eʼtirof etilgan Oʻzbekistonda ham bu tarmoqni rivojlantirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti.
Sohani yanada rivojlantirish maqsadida soʻnggi ikki yil ichida davlatimiz rahbari tomonidan muhim hujjatlar qabul qilindi. Saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan yili 5 milliondan ortiq sayyoh yurtimizga tashrif buyurdi. Bu 2017 yilning mos davri bilan taqqoslaganda ancha yuqori koʻrsatkichdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Farmonga muvofiq, 2019–2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham turizmni rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb etish, kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha kompleks choralar koʻrishimiz zarurligini qayd etdi.
Yurtimizda turizm koʻpincha qadimiy shaharlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar doirasida cheklanib qolyapti. Ammo mamlakatimizning betakror tabiati, milliy qoʻriqxonalar, togʻli hududlarda turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud.
Davlatimiz rahbari ham buni taʼkidlab, 2025 yilda yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni 7 million nafarga yetishiga, turizm eksportidan keladigan daromad esa 2 milliard dollardan ziyod boʻlishiga erishish lozimligini taʼkidlagan edi.
Bugungi jadallashuv, tezkor hayot va oʻzgarishlar bu sohada hali muammo va kamchiliklar, qilinadigan ishlar juda koʻpligini koʻrsatmoqda. Tarmoqqa zamonaviy axborot texnologiyalarini jalb qilish eng asosiy vazifalardan.
Bugun zamon shu qadar shiddat bilan rivojlanib bormoqdaki, sayyohlarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda har kuni, har soatda yangidan-yangi talab va istaklar, imkoniyatlar paydo boʻlyapti. Viza rejimini yanada liberallashtirish, chet el fuqarolarini roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish, turizm tarmogʻini rivojlantirish zarurati oshmoqda.
Turizm mavsumida sayyohlik infratuzilma obyektlarining yetishmasligi, turli transportlarda yoʻlovchilarni tashish tizimining yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi, turistlarni mavjud turizm salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlashni tashkillashtirish darajasining pastligi, ichki turizmni, mamlakat hududlaridagi madaniy meros obyektlari va ziyoratning oʻziga xosliklarini targʻib qilish boʻyicha marketing kompaniyalarining samarasizligi sohani jadal rivojlantirishga salbiy taʼsir qilmoqda. Turizmni avvalambor xususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targʻib qilishimiz zarur.
Farmonga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan boshlab ayrim davlatlar fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim, elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatini esa yanada koʻpaytirish belgilandi. 2019 yil 15 martdan boshlab esa 30 kunlik amal qilish muddati boʻlgan elektron kirish vizasining yangi turlarini berish tizimi joriy qilindi. Shuningdek, chet el fuqarolariga Oʻzbekistonda turar joy sotib olish huquqi taqdim etildi.
Mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish yuzasidan vazifalar belgilanganini alohida eʼtirof etish lozim. Chunki havo yoʻllari xizmati borasida ochiq raqobatning yoʻqligi, natijada narxlarning yuqoriligi, logistika xizmatlari talab darajasida emasligi nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarning ham haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan edi.
Hatto kadrlar borasida ham talaygina muammolar mavjud. Qabul qilinayotgan hujjatlarda belgilangan vazifalar oʻz vaqtida amaliyotga tatbiq etilsa, samarali natijalarga erishish mumkin. Bunga esa hammamiz masʼulmiz.
Ulugʻbek Musayev, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan
xalq deputatlari Yunusobod tumani Kengashi deputati

 

OʻzA