Oʻzbekistonda internet tezligi maksimal darajada tezlashadigan boʻldi. Bunga kafolat berildi

ONLAYN: 1 dekabrdan boshlab, Oʻzbekistonda birinchi marta 2 Mbit/s tezlikka ega kafolatlangan cheksiz internet narxi oyiga 88 ming soʻmni tashkil etadi. Mazkur narxda tezlik 3-4 barobarga oshadi. 
Bu borada UZTELECOM yangi kafolatlangan cheksiz internet tarif rejalarini taqdim etishi haqida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, IT-texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va ularning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi oʻrniga bagʻishlangan anjumanda maʼlum qilindi.
Unda Prezidentimizning internet tarmogʻiga chiqish narxlarini pasaytirish, shuningdek ulanish tezligini oshirish va 2020 yilga kelib MDH davlatlari darajasigacha koʻtarishdek topshiriqlari bajarish choralari koʻrilayotgani qayd etildi.
Tadbir tashkilotchilari endi internet tezligida “gacha” qoʻshimchasi ishlatilmasligi, tezlik kafolatlanishi, buning uchun tizim infrastrukturasini rivojlantirish maqsadida optik tolali kabellardan keng foydalanish koʻzda tutilayotgani haqida soʻzlab berishdi.

 

OʻzA