Adliya organlari – inson huquqlari himoyachisi

Adliya organlari fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish borasida samarali faoliyat yuritib, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlariga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi Nizom bu borada muhim huquqiy asos vazifasini oʻtayotir.
Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi tomonidan ham ushbu yoʻnalishda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanning Mehrobod mahallasida yashovchi fuqaro P.Tursagatovning noqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgani va oʻz vazifasidan ozod etilgani sababli uning foydasiga moddiy va maʼnaviy zararni undirishni soʻrab Fuqarolik ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Joriy yil 7 avgust kuni mazkur fuqarolik ishi koʻrib chiqilib, fuqaro P.Tursagatov foydasiga 10 million soʻm maʼnaviy zararni undirish haqida sud qarori qabul qilindi.
Joriy yil 4 sentyabr kuni fuqaro S.Abduraxmonovning “Yoshlar – kelajagimiz“ Davlat dasturi doirasida bino va yer maydoni ajratishni soʻrab qilgan murojaati yuzasidan fuqaroga maʼmuriy bino va yer maydonini doimiy foydalanish uchun berish toʻgʻrisida tuman hokimining qarori chiqarildi.
Tumanning Paxtaobod mahallasida yashovchi fuqarolar S.Normoʻminova va O.Koʻcharovaning tugʻruq taʼtilidan keyin 8-umumtaʼlim maktabi rahbariyati ularni qaytarib ishga olmaganligi toʻgʻrisidagi murojaati ham tuman adliya boʻlimi tomonidan oʻrganib chiqildi. Joriy yil 5 sentyabrda O.Koʻcharova mazkur maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi lavozimiga, S.Normoʻminova esa jismoniy tarbiya oʻqituvchisi lavozimiga ishga qabul qilish boʻyicha maktab direktorining buyrugʻi qabul qilindi.
2018 yil iyul oyida esa Ariqoshgan mahallasida yashovchi fuqaro F.Qodirovning elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ortiqcha toʻlov talab qilinayotganligi haqidagi murojaati oʻrganilib, murojaat muallifining elektr energiyasidan qarzdorligi yoʻqligi, aksincha korxona hisobida 271 ming soʻmdan ziyod ortiqcha toʻlovi borligi aniqlandi.
Shuningdek, Yangi shahar mahallasida yashovchi fuqarolar H.Saidova va A.Xalilovaning xonadoniga suyultirilgan gaz yetkazib berilmayotganligi haqidagi murojaati nazoratga olinib, qisqa muddatda suyultirilgan gaz bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, X.Allaberdiyeva va H.Joʻrayevalarning pensiyaga chiqish davrida ish stajlari qoʻshilmaganligi haqidagi murojaati oʻrganilib, ushbu holat yuzasidan tuman pensiya jamgʻarmasiga nisbatan tuman Maʼmuriy sudiga ariza kiritildi. Sudning qarori bilan tuman pensiya jamgʻarmasiga mazkur fuqarolarning ish stajlarini qoʻshish majburiyati yuklatildi.
Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan xalqimizni rozi qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning amaldagi samarasidir.
Rustam Xurramov,
Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani
adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi.

 

O’zA