Toshkentda yana bitta zamonaviy ishbilarmonlik markazi barpo etiladi

Prezidentimiz Business city – “Yunusobod” zamonaviy ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishdi.
Poytaxtimiz ulkan bunyodkorlik loyihalari evaziga kun sayin oʻzgarib, goʻzal qiyofa kasb etib bormoqda. Yangi-yangi aholi massivlari, muhtasham koʻpriklar, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa inshootlar shaharni nafaqat arxitekturaviy jihatdan, balki yashash va dam olish, biznes yuritish sharoitlariga koʻra qulay megapolisga aylantirmoqda.
Uzoqqa bormaylik, shaharning qoq markazida qad rostlayotgan “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilish bobidagi tasavvurlarimizni butunlay oʻzgartirib yubordi. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar va meʼmorlik andozalari asosida tiklanayotgan baland imoratlar Toshkentni mintaqamizning shaharsozlik sohasidagi diqqatga sazovor markazlaridan biri maqomini olishi imkonini beradi.
Rivojlanishning bugungi surʼatlari, aholining yaxshi yashashga ehtiyoji, jahondagi oʻzgarishlar koʻlamini hisobga olgan holda poytaxtimizda yana bir nechta zamonaviy ishbilarmonlik markazi qad rostlamoqda.
68e753e0-00be-7c8f-2a13-b7951a631980.jpg
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida «Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq Yunusobod tumanining Otchopar – 2 mahallasi hududida quriladigan “Business city” – “Yunusobod” zamonaviy ishbilarmonlik markazi navbatdagisi boʻladi.
Zamonaviy ishbilarmonlik markazidan koʻp qavatli turar joy majmualari, biznes ofislar, savdo-koʻngilochar maskanlar, mehmonxonalardan iborat koʻp tarmoqli majmualar, saylgohlar, ijtimoiy obyektlar, tibbiy sogʻlomlashtirish markazlari oʻrin oladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha qiymati 500 million dollar boʻlib, 2019-2023-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan.
Prezidentimiz yangi ishbilarmonlik markazida poytaxt aholisiga qulay shart-sharoit yaratish bilan birga, xorijiy investorlar, biznes doiralarni jalb qilish boʻyicha tavsiyalarini bildirdi.
Ayni paytda ishbilarmonlik markazida barpo etiladigan bino va inshootlar qurilishiga ularning turi va ixtisoslashuvi asosida xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
ae02b2a9-e26f-21b9-352c-31e215c78d77.jpg
Davlatimiz rahbar yangi ishbilarmonlik markazi qurilishida relyefdan oqilona foydalanish, dunyo shaharlari tajribasini oʻrganish zarurligini qayd etdi. Uni barpo etishga xorijiy investorlar, tajribali loyihachi va quruvchilarni jalb etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Yunusobod tumanidagi koʻp qavatli uylarni boshqarish boʻyicha takliflar taqdimoti oʻtkazildi. Bu takliflar Rossiyaning Qozon shahri tajribasi asosida ishlab chiqilgan. U professional servis kompaniyalari tashkil etish orqali koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.
Prezidentimiz tumanda ushbu tizimni joriy mavsumdayoq tatbiq etish, har bir koʻp qavatli uyning egasini topib, ularga imtiyozlar berish zarurligini taʼkidladi.
Innovatsion, ilmiy va tashkiliy ishlarni birlashtirib, baravar olib bormasak, bu soha eskicha holda qolaveradi. Kommunal xizmatlar xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmasa, sifat boʻlmaydi. Sifat boʻlmagandan keyin toʻlov ham barqaror boʻlmaydi. Bu sohada xizmatni, hisob-kitobni joyiga qoʻysak, vaziyat oʻzgaradi, odamlar rozi boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA