Prezidentimiz Yunusobod tumanini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, tadbirkorlarning istiqbolli rejalari bilan tanishdi.

Yunusobod tumani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan poytaxtimizning yetakchi tumanlaridan biri hisoblanadi. Tumanning geografik joylashuvi hududning sanoat salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni kengaytirish va chet ellik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashda katta qulaylik yaratadi.

Prezidentimizga taqdim etilgan Toshkent shahrining 2018-2019-yillardagi investitsiya salohiyatiga oid maʼlumotlarga koʻra, ikki yilda poytaxtimizda 417 ta loyihani amalga oshirish va buning natijasida 25 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Shundan sanoat sohasiga tegishli loyihalar 264 tani, xizmat koʻrsatish sohasida – 153 tani tashkil etadi. Joriy yilning 9 oyida jami loyihalar uchun 257,5 million dollar hajmidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

2019-yilda 1 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 181 ta loyihani hayotga tatbiq etish moʻljallangan. Jumladan, Yunusobod tumanida 38 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining iqtisodiy imkoniyatlari kengligi, poytaxtimiz barcha sohalarda namuna boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Loyihalarning kafolatlanishi, samaralari bilan qiziqdi. Mutasaddilarga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish, yangi korxonalar tashkil etish va soliq tushumini koʻpaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA