Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy hamkorlik yangi bosqichda

“Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkaziladi.
Bugun mamlakatning yetakchi gʻoyaviy tashkiloti sanalgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari oʻrtasida milliy gʻoyani keng targʻib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish maqsadida “Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkaziladi.
Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʻida qilgan maʼruzalarida “Madaniy-gumanitar aloqalar va maʼnaviy qadriyatlar hamdoʻstlik mamlakatlarini hamisha birlashtirib kelayotgan kuchdir”, deya taʼkidladilar.
Darhaqiqat, 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi, biz yashayotgan bugungi davrning oʻzi davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qoʻshnichilik muhitini yaratishga qaratilgan puxta oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy siyosatni yuritish, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etmoqda.
Shu bois, shaxsan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yangidan tashkil etilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro madaniy-gumanitar va maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni yanada yuqori darajaga koʻtarishga qaratilgan muhim tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Samimiy ruhda oʻtkazilgan mazkur davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rais oʻrinbosari S.Artikova, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Qodirov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov ishtirok etib, jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlashda yurtmizdagi barcha milliy madaniy markazlarning oʻrnini alohida eʼtirof etib, ularni yaqin hamkorlik va hamjihatlikka chaqirdi.
Shuningdek, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston respublikalarining Oʻzbekistondagi elchixonalari masʼul xodimlari ishtirok etib, bunday uchrashuvlarni tez-tez tashkil etish hamda “Xalq diplomatiyasi” mexanizmini yanada kuchaytirish borasida oʻzlarining taklif va tavsiyalarini berishdi.
Zebo Nurmonova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi matbuot xizmati xodimi
OʻzA