Butunrossiya davlat kinematografiya institutining 100 yillik yubileyi Oʻzbekistonda oʻtkazildi

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida Oʻzbekistonda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti kunlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda kino sanʼatini rivojlantirish, uning badiiy hamda sanoat tuzilmalarini qayta tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir doirasida Rossiya delegatsiyasi vakillari Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri bilan uchrashdi. Unda taʼlim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Rossiyalik mutaxassislar tomonidan oʻzbekistonlik talabalar hamda qiziquvchilar uchun “Aktyorlik mahorati”, “Kino”, “Animatsiya va multimedia”, “Ovoz rejissyorligi” kabi mavzularda master-klasslar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, “Oʻzbekkino” milliy agentligi Bosh direktori bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda mamlakatimizda madaniyat sohasida olib borilayotgan islohotlar hamda oʻzaro hamkorlik kelishuvlari haqida soʻz bordi.

– Kino va sanʼat sohasidagi hamkorligimiz yanada rivojlanadi, – dedi S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori, professor Vladimir Malishev. – Institutimizning 100 yillik yubileyi Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani ham fikrimiz dalilidir.

1.jpg
2.jpg
12.jpg

 

Muhayyo Toshqorayeva, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA