Amerikalik mehmonlar Samarqandni tomosha qildi

Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan AQSHning Global hamkorlik instituti faxriy prezidenti K.Sayl boshchiligidagi delegatsiya 18-sentyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab Imom Buxoriy majmuasida boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2017-yil 27-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuk muhaddis nomi bilan ataluvchi yodgorlik majmuasi yonida markaz bunyod etilmoqda. Hadisshunoslik maktabi va yotoqxona, oshxona, sport-sogʻlomlashtirish maskanlarini oʻz ichiga olgan markazda tinglovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasini ham zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish, ziyoratchilar uchun yanada qulayliklar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir.

15.JPG

7-faqat saytga.JPG
AQSH delegatsiyasiga bu haqda batafsil maʼlumot berildi.

Shundan soʻng mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi. Yurtimizda ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy obyektlarni asrab-avaylash, diniy qadriyatlarni eʼzozlash va yosh avlodga oʻrgatish borasidagi ishlarga mehmonlar yuksak baho berdi.

 

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), OʻzA