“General Motors Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati avtomobillar sotuvini tiklamoqda

Oʻz avtomobilsozlik sanoatiga ega boʻlish milliy gʻurur va xavfsizlikning muhim jihatlaridan biridir. Bu tendensiyalar davlat tomonidan tarmoq rivojiga har tomonlama koʻmak koʻrsatilayotgan rivojlangan va jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda ayniqsa koʻzga tashlanadi.
Mamlakatimiz Hukumati yordamida, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, shu jumladan xalqaro mutaxassislar ishtirokida, aholi fikri va munosabatini oʻrganish orqali “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxining shakllanishi tamoyillari va narxga doir hisob-kitoblarning nechogʻli asoslanganligi oʻrganildi.
Oʻtkazilgan tahlil yakuniga koʻra ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning alohida modellari uchun chakana narxlarni oʻrtacha 7,7 foizga oshirish zarurligi toʻgʻrisida ogʻir va jamoatchilik tomonidan maʻqullanmasligi mumkin boʻlgan qaror qabul qilindi.
Ayni paytda, eng hamyonbop va aholi oʻrtasida ommabop “Spark”, “Neksiya” va “Kobalt” modellari uchun chakana narxlar oʻzgarishsiz qolmoqda.
Ushbu qarorni qabul qilishda “General Motors Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvoli ogʻirligi hamda alohida avtomobil modellarini ishlab chiqarishning norentabelligi inobatga olindi, lekin aksiz soligʻi stavkalarini maqbullashtirish va dilerlik marjasini kamaytirish hisobiga narxlarning keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslikka erishildi.
Taʻkidlash joizki, avtomobillar uchun chakana narxlar va aksiz soligʻi stavkalarining avvalgi darajada saqlab qolingan taqdirda kompaniya, demak, uning asosiy aksiyadori boʻlmish davlat ham 2018-yil yakunida ulkan zarar koʻrgan, bu kelajakda oddiy soliq toʻlovchilarning yelkasiga, ular avtomobil xarid qilmasa ham, ogʻir yuk boʻlib tushgan boʻlar edi.
Xavfsizlik va shinamlikni yuksaltirish maqsadida yaqin kelajakda avtomobillar mijoz xohishiga koʻra qoʻshimcha ravishda yoʻnalish barqarorligi va orqa salonni shamollatish, oʻrindiqlar va old oynani isitish va boshqa yangi tizimlar bilan butlanadi.
Qoʻshimcha ravishda maʻlum qilamizki, 2018-yil 1-avgust kuniga qadar tuzilgan va jismoniy shaxslar tomonidan boʻnak pulining kamida 85 foizi va yuridik shaxslar tomonidan 100 foizi toʻlangan shartnomalar boʻyicha avtomobillarni yetkazib berish shartnomalarda koʻrsatilgan narxlar va muddatlarda amalga oshiriladi.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati qabul qilingan qaror hamda mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati uchun yuksak masʻuliyatni his qilgan holda tarmoq korxonalari faoliyatining samaradorligi, avtomobillarni sotish mexanizmlarining shaffofligini oshirish, modellar qatorini kengaytirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, yangi sheriklar va salohiyatli investorlarni jalb etish borasida keng miqyosli ishlarni olib bormoqda.

 

O’zA