O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlar, yosh kadrlar va barcha xodimlar uchun e’lon qiladi!

Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada kengroq targ‘ib qilish, ularning dunyoqarashi hamda ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish, shuningdek, ijodiy va kreativ fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Bir haftada – bir kitob” aksiyasini e’lon qiladi.

Aksiya yoshlar, yosh kadrlar, tizimning Markaziy, hududiy va mahalliy Kengashlari mas’ul xodimlari va faollari o‘rtasida tashkil etiladi.

“Bir haftada – bir kitob” aksiyasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rasmiy sahifasida o‘tkaziladi.

Har hafta o‘nta o‘zbek va jahon adabiyotida oid asarlar ro‘yxati taqdim etiladi. Kitoblar ro‘yxati ovozga qo‘yiladi. Eng ko‘p ovoz olgan kitob ommaviy o‘qish uchun tavsiya etiladi.

Kitoblar ro‘yxati Markaziy Kengash Ma’naviy-ma’rifiy va millatlararo totuvlik masalalari bo‘limi tomonidan taklif etiladi. Qolaversa, sahifa kuzatuvchilari tomonidan tavsiya etilgan kitoblar ham inobatga olinadi.

Tanlab olingan asar hafta davomida yoshlar, tizim xodimlari tomonidan mutolaa qilinadi, har haftaning shanba kuni sahifada muhokama qilinadi.

Qolaversa, jonli kitob muhokamalarini tashkil etish maqsadida har oyning oxirgi shanba kunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi apparati, hududiy va mahalliy Kengashlar mas’ul xodimlari va faol yoshlar o‘rtasida kitobxonlik kechalari tashkil etiladi va oy davomida mutolaa qilingan asarlar bo‘yicha bahs-munozaralar tashkil etiladi.

Aksiya doirasida faol ishtirok etgan yoshlar, yosh rahbar kadrlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mas’ul xodimlari aniqlanib, ularni rag‘batlantirib borish ko‘zda tutilgan.

Bugun tashkilot aksiyaga start berdi. 10 ta badiiy kitob ovozga qo‘yildi. Hfta so‘nggida eng ko‘p ovoz to‘plagan asar ommaviy o‘qishga tavsiya etiladi.

1. “Alpomish”, xalq dostoni

2. “Zarbulmasal”, Gulxaniy

3. “Bolalik xotiralarim”, Oybek

4. “Dunyoning ishlari”, O‘tkir Hoshimov

5. “Alvido bolalik”, Tohir Malik

6. “Oq kema”, Chingiz Aytmatov

7. “Qobusnoma”, Kaykovus

8. “Kecha va kunduz”, Cho‘lpon

9. “Chol va dengiz”, Ernest Xeminguey

10.“Alkimyogar”, Paolo Koelo

Shu bilan birga yoshlar kelgusi hafta uchun qaysi kitobni o‘qishni xohlashini ham ma’lum qilishi mumkin. Mutasaddilar ushbu aksiya yoshlarning dunyoqarashingizni o‘zgartirishi va kreativ fikrlashiga zamin yaratishiga ishonch bildirishmoqda.

Gulchehra Ashurova

 

O‘zA