Orol dengizi chig‘anoqlari savdosi yo‘lga qo‘yildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi “ Aydos Diyorbek” xususiy korxonasi “Orol dengizi chig‘onoqlari” esdalik suvenirlari savdosini yo‘lga qo‘ydi.
Ushbu suvenir chig‘anoqlar qoraqalpoq xalqi qadriyatlarini o‘zida jamlagan milliy choy xaltachalariga joylashtirilmoqda.
– Chig‘anoqlarni Orol dengizining qurigan hududlaridagi tag qismlaridan olib kelib, ma’lum darajada ishlov bergandan so‘ng do‘konimizda sotuvga chiqaryapmiz, – deydi korxona rahbari Zafar Qurbanbayev. – Do‘konimiz Qanliko‘lga kirishdagi katta trassasi bo‘yida joylashgan. Bu yerdan kuniga yuzlab xalqaro qatnovdagi transportlar, sayyohlar o‘tadi. Xaridorlarning ko‘pchiligi Qoraqalpog‘istonni, Orol dengizini eslatuvchi suvenirlar so‘rashadi. Ehtiyojdan kelib chiqib, har xil sovg‘alar tayyorlayapmiz.
“Aydos Diyorbek” xususiy korxonasi tomonidan “Orol dengizi mintaqasi havosi” konservalangan suvenir ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Unda bo‘sh idishga Orol dengizi havosi “joylashtirilgan”.
Bu kabi antiqa suvenirlarni xarid qilgan sayyoh oddiy chig‘anoq yoki konservadagi havoni emas, balki Qoraqalpog‘iston, Orol dengizi hududlari haqidagi xotiralarini ham o‘zi bilan birga olib ketadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA